Kapital.uz 1-iyuldan O‘zbekistonda kuchga kiradigan bir qator o‘zgarishlarni bir yerga jamladi.

Pensiya va nafaqalar 7% ga oshiriladi

O‘zbekistonda 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, 1-sentabrdan esa ish haqi hamda stipendiyalar 7% ga oshiriladi.

23-iyun kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra:

  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 983 ming so‘m;
  • nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1,83 mln so‘m;

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun — 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun — 295 ming so‘m;
  • oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha — 177 ming so‘m;
  • oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 118 ming so‘m;
  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 450 ming so‘m etib belgilandi.

2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 504 ming so‘m etib belgilandi.

Soliqqa tortish va QR tizimi

Umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) standart 12% o‘rniga pasaytirilgan 6% lik stavkada to‘lashga ixtiyoriy ravishda o‘tish huquqini oladi. Ushbu tartib foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qiladi, biroq kirim QQSni hisobga olish imkoniyatini bermaydi. Standart tartibni saqlab qolgan korxonalar uchun esa soliqni qaytarish summasi, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushidan qat’i nazar, 40% miqdorida qat’iy belgilanadi.

Mamlakatda barcha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun yagona UzQR kodi orqali to‘lovlarni majburiy qabul qilish joriy etilmoqda. Ushbu to‘lov usulining mavjud emasligi savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.

Tizim komissiyasi tranzaksiya summasining 0,65%i miqdorida tasdiqlandi.

Mudofaa organlari fuqaro xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev harbiy xizmatchilar va mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qarorni imzoladi.

Unga muvofiq, mudofaa ishlari organlarining fuqaro xodimlari ish haqi ko‘tariladi. Xususan, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqi miqdori 1-iyuldan 20% ga, 2027-yil 1-yanvardan yana 50% ga oshirilishi belgilandi.

O‘zbekistondagi teatrlarga har bir sotgan chiptasi uchun 20 ming so‘mgacha subsidiya beriladi

2-iyun kuni imzolangan prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda teatrlarga har bir sotgan chiptasi uchun subsidiya beriladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Nukus shahri va viloyatlar markazlari bundan mustasno) konsert-tomosha tadbiri tashkil etilgan va bir tadbir doirasida 1000 tadan ortiq bilet sotilgan taqdirda, konsert-tomosha tashkilotchilariga sotilgan biletlar qiymatining 20 foiziga teng bo‘lgan miqdorda subsidiya beriladi.

Shuningdek, davlat va nodavlat teatrlarga o‘zi faoliyat yuritayotgan joyda sahnalashtirilgan spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga qo‘shimcha 10 ming so‘m, boshqa hududga chiqqan holda namoyish etilgan taqdirda, 20 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

Yirik soliq to‘lovchilar reyestri kengaytiriladi

Majburiy ro‘yxatga banklar, sug‘urta kompaniyalari, savdo maydonchalari (valyuta, fond va tovar-xomashyo birjalari), tamaki ishlab chiqaruvchilari, mobil aloqa operatorlari va aviatashuvchilar kiritiladi.

Shuningdek, davlat korporatsiyalari va ularning tarkibidagi yirik korxonalar ham ushbu maqomni oladi. Ular qatorida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston temir yo‘llari, O‘zkimyosanoat, O‘zavtosanoat va O‘zmetkombinat bor.

Bundan tashqari, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham ushbu tartibga kiritiladi.

Biroq yoqilg‘i va elektr quvvatlash shoxobchalari, shuningdek ikki yildan kam faoliyat yuritgan obyektlar bundan mustasno bo‘ladi.

Talablar mahsulot taqsimoti bitimlari ishtirokchilari, mamlakatdagi xorijiy raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda yirik soliq to‘lovchilarning ulushi 20% dan yuqori bo‘lgan yangi yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi. Bunda elektron hisob-fakturalardan foydalanish va QQS to‘lash sharti saqlanadi.

Parallel qurilish amaliyoti bekor qilinadi

5-iyun kuni “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolandi.

Unga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi obyektlar bo‘yicha loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda amalga oshirish (parallel qurilish) amaliyoti bekor qilinadi hamda tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza — bir to‘lov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklari orqali avtomobil yutib olish mumkin bo‘ladi

18-may kuni qabul qilingan Hukumat qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazib, avtomobil yutib olish mumkin bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi.

Har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi. Qarorda avtomobil rusumi haqida ma’lumot berilmagan.

Aholi xonadonlarida sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan nasldor buzoqlar uchun subsidiya beriladi

12-may kuni qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan 2030-yilgacha aholi xonadonlarida sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Embrion transplantatsiyasi orqali olingan buzoqlar uchun subsidiya miqdori 700 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, ushbu hujjatda 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-avgustgacha xorijdan olib kiriladigan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangan.

Xususiy klinikalarga budjet hisobidan xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi

1-iyuldan O‘zbekistondagi xususiy tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etiladi. Bu prezidentning 5-maydagi sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Jumladan, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida va litsenziyasida nazarda tutilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha bemorlarga davlat budjeti hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va xususiy klinikalar uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi.

Elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi

O‘zbekistonda 1-iyuldan ikki yillik eksperiment tarzida elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi. Bu 13-aprel kuni qabul qilingan prezident qarorida nazarda tutilgan.

Yangi tizimga ko‘ra, kompaniya avval tovarni O‘zbekistonga olib kiradi, ammo uni darhol bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazmaydi. Tovar “erkin ombor” rejimida bond omborga joylashtiriladi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) reyestriga kiritilgan maxsus marketpleys orqali sotuvga chiqariladi. Bunday tovarlarni faqat jismoniy shaxslar va shaxsiy foydalanish uchun sotib olishi mumkin.

Asosiy farq shundaki, bojxona rasmiylashtiruvi chegaradan o‘tish paytida emas, balki tovar sotib olinganidan keyin amalga oshiriladi. Buyurtma berilgach, tovar yuk jo‘natish deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi, sanitariya, veterinariya nazorati va muvofiqlikni baholash talablari qo‘llanilmaydi.

Jismoniy shaxslarga sotilganda texnika 5% yagona to‘lov, kiyim-kechak 3% va QQS bilan soliqqa tortiladi.

“Kvartplata”dan qarzdorlar uchun elektrga to‘lov qilish cheklanadi

1-iyuldan boshlab turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovlarni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning 5-fevraldagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qarorida so‘z boradi.

Bundan tashqari, yangi tartib joriy etilmoqda: mulkdor tomonidan majburiy to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lov summasidan penya (jarima) hisoblanadi:

  • Yuridik shaxslar uchun — 0,4%;
  • Jismoniy shaxslar uchun — 0,1%.

Shuningdek, ushbu sanadan boshlab majburiy to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.

Ipoteka omonatlari bo‘yicha tajriba yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning 24-fevraldagi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonatlari mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Sinov loyihasi 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, ipoteka subsidiyasi berish to‘g‘risida xabarnoma olgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida jamg‘arib boriladigan ipoteka omonatini ochishlari mumkin bo‘ladi. Omonat miqdori ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal summasidan kam bo‘lmasligi kerak. Bunday omonatdagi mablag‘lar 12 oydan ortiq saqlanmaydi.

Dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar ushbu badalga oldindan to‘lov sifatida kiritiladi. Banklar qolgan mablag‘larga bozor stavkasida foiz hisoblaydi. Jamg‘arilgan mablag‘lar hisoblangan foizlar bilan birga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi.

Dasturga asoslangan ishlab chiqarish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-fevraldagi farmoniga muvofiq, sanoat ehtiyojlari va xalqaro tajribani tahlil qilish asosida o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.

1-iyuldan boshlab dasturlar Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashi qarori bilan belgilanadigan drayver sohalar (farmatsevtika, elektrotexnika, elektronika va robototexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, gaz va neft kimyosi, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati), yuqori investitsiya salohiyatiga ega bazaviy tarmoqlar (energetika, tog‘-kon sanoati, kimyo), hududlar va boshqa tarmoqlar asosida ishlab chiqiladi.

1-iyuldan boshlab yangi agentlik O‘zbekiston va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va e’lon qilib boradi. Tavsiya etilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan kafolatlangan xarid shartnomalari tuziladi.

Toshkentda uylar “Mening uyim” tizimi orqali boshqariladi

O‘zbekiston prezidenti 5-fevral kuni ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, Toshkentda 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylardagi umumiy yig‘ilishlarni tashkil etish, o‘tkazish va qarorlar qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilar hisobotini taqdim etish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish faqatgina “Mening uyim” tizimi orqali amalga oshiriladi. 2027-yildan boshlab ushbu tartib mamlakatning barcha hududlarida joriy etiladi.

Ko‘p kvartirali uylarning umumiy mol-mulkini ijaraga berish va undan foydalanish bo‘yicha majburiy to‘lovlar va tushumlar hisobi ham faqat “Mening uyim” orqali yuritiladi.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga himoya orderi beriladi

O‘zbekistonda 1-iyuldan korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga himoya orderi beriladi. Bu prezidentning 30-dekabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

2026-yil 1-iyuldan davlat organlari va tashkilotlarida 2030-yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi.

Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatida ta’qib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida, agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Mehnatga layoqatsizlik nafaqasi avtomatik tayinlanadi

O‘zbekistonda 1-yanvardan davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi ishga tushdi. Uning doirasida 2026-yil 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi.

Bunda fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan quyidagi shartlarda qamrab olinadi:

  • majburiy asoslarda — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan miqdori belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan;
  • ixtiyoriy asoslarda — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 foizi miqdoridagi har oylik sug‘urta badalining eng kam miqdorini to‘lash evaziga.

Fuqarolarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar ularning minimal sug‘urta staji va to‘lagan sug‘urta badaliga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi.

Bepul rejali statsionar tibbiy yordam joriy etiladi

1-iyuldan O‘zbekistonda tibbiy sug‘urta doirasida bepul rejali statsionar tibbiy yordam joriy etiladi.

Prezidentning 2025-yil 30-dekabrdagi farmoniga ko‘ra, quyidagilar rejali statsionar tibbiy yordamni bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
  • Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
  • voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan yoki “Kambag‘al oilalar reyestri” axborot moduli orqali kambag‘al oila deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.

Dachalarni ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi

Prezidentning 20-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini ko‘rsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan boshlab milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Liftlarga holatiga qarab rangli stikerlar yopishtiriladi

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyuldagi qarori bilan liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi. U 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.

Yangiliklardan biri — liftlarga texnik ko‘rik natijalarini aks ettiruvchi maxsus rangli yorliq yopishtirish majburiy bo‘ladi. Hujjatga ko‘ra, ularda dastlabki yoki davriy texnik ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng liftning holati haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi:

  • foydalanishga yaroqli liftga “yashil”;
  • qisman nosoz liftga “moviy”;
  • nosoz liftga “sariq”;
  • foydalanish uchun xavfli liftga “qizil”.

Yoshlar yagona yondashuv asosida davlat xizmatiga qabul qilinadi

20-apreldagi prezident qaroriga ko‘ra, 1-iyuldan yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuvni ta’minlash bo‘yicha quyidagi tartiblar joriy etiladi:

  • suhbat bosqichida beriladigan savollar davlat organining rasmiy veb-saytida kamida 1 oy oldin e’lon qilinadi, 1 oy oldin e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi;
  • ichki tanlovlar o‘tkazilmaydigan hamda tanlovlarni o‘tkazishda nomzodlarga nisbatan umumiy yoki maxsus ish stajiga oid talablar belgilanmaydigan lavozimlar ro‘yxati hamda tanlovlarni o‘tkazishda nomzodlarga nisbatan ko‘pi bilan 2 yil umumiy yoki maxsus ish stajiga oid talablar qo‘yiladigan lavozimlar ro‘yxati belgilanadi.