1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi
2027-yildan esa yana 50% ga oshirilib, Toshkent va Samarqanddagi harbiylar uchun ijara to‘lovlari kompensatsiyasi ham ko‘paytiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev harbiy xizmatchilar va mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu haqda 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun turar joy ijarasi uchun pul ko‘rinishidagi kompensatsiya miqdori 25% ga oshiriladi.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari organlarining fuqaro xodimlari ish haqi ham ko‘tariladi.
Shu bilan birga, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqi miqdori 1iyuldan 20% ga, 2027-yil 1-yanvardan yana 50% ga oshirilishi belgilandi, — dedi mudofaa vaziri “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Harbiy hisobga olishni raqamlashtirish
Taqdimotda prezidentga harbiy hisobga olish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ham ma’lum qilindi. Ushbu chora-tadbirlarni mudofaa ishlari organlari faoliyatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish doirasida amalga oshirish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va ID karta olgan o‘g‘il bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining axborot tizimidan olinib, ularni avtomatik tarzda harbiy hisobga qo‘yish tartibini joriy etilishi nazarda tutilmoqda, — deya ta’kidladi vazir.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari bo‘limlarida tibbiy komissiyadan o‘tishni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Barcha tibbiy ko‘riklarni tuman va shaharlardagi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarda o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Vazirning qayd etishicha, ushbu takliflarning amaliyotga tadbiq etilishi fuqarolarga shaffof raqamli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi va ortiqcha byurokratiyani qisqartiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ