Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi

Hokim prezident tomonidan tayinlanadi, hokimlik apparati esa 14 nafar boshqaruv xodimidan iborat bo‘ladi

Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi

Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi “Yangi Toshkent shahri va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etilmoqda.

Hokimlik tegishli ma’muriy-hududiy birlik tuzilguniga qadar maxsus huquqiy rejim doirasida hududda boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, aholiga hamda ijtimoiy va infratuzilma obyektlariga xizmat ko‘rsatish maqsadida faoliyat yuritadi.

Farmonga ko‘ra, Yangi Toshkent shahri hokimi prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Yangi tashkil etilgan hokimlik va davlat organlari bo‘linmalariga direksiyaga doimiy foydalanishga berilgan hududlarda Toshkent viloyati va tumanlaridagi tegishli idoralar vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan mustaqil qarorlar qabul qilish huquqi berildi.

Hokimlik va tegishli idoralarni saqlash xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtiriladi, ular vaqtincha sobiq “Yangi Toshkent” loyihasi ofisi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Hujjat bilan Yangi Toshkent shahar hokimligi boshqaruv apparatining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi va boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 14 nafar etib belgilandi. Apparat tarkibidan hokim, uning birinchi o‘rinbosari va ikki nafar o‘rinbosari (ularning har birida bittadan bosh mutaxassis), hokim yordamchisi, axborot xizmati rahbari — davlat tili bo‘yicha maslahatchi, tashkiliy-nazorat guruhi, bosh hisobchi, bosh yuriskonsult hamda devonxonaning ikki nafar bosh mutaxassisi o‘rin olgan. Obodonlashtirish boshqarmasi tuzilmasi va shtatlari soni esa Toshkent shahri tumanlari namunaviy tuzilmasi asosida hokim tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, Yangi Toshkentdagi 16 ta davlat organi va tashkiloti bo‘linmalari uchun jami 30 ta boshqaruv shtat birligi ajratildi. Xususan, soliq inspeksiyasiga 4 ta, iqtisodiyot va moliya bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘iniga 3 tadan, Xalq qabulxonasi, investitsiyalar, bandlik, qurilish, tibbiyot birlashmasi, oila va xotin-qizlar hamda sanitariya-epidemiologiya bo‘limlariga 2 tadan, ekologiya, statistika, ta’lim, madaniyat, yoshlar ishlari va kadastr bo‘limlariga esa 1 tadan shtat birligi berildi.

Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bir oy muddatda o‘z umumiy shtatlari doirasida shahardagi tuzilmalarini tashkil etadi. Mazkur farmonda ko‘rsatilmagan boshqa davlat idoralari esa o‘z faoliyatini Toshkent viloyati va tumanlaridagi mavjud hududiy bo‘linmalari orqali davom ettiradi.

Vazirlar Mahkamasiga o‘n kun muddatda hokimlikni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish, uch oy muddatda esa ilg‘or xorijiy tajriba asosida Yangi Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy birlik sifatidagi maqomini belgilash yuzasidan taklif kiritish vazifasi yuklatildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo uchun iqlim integratsiyasi modelini yaratishni taklif qildi
/
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo uchun iqlim integratsiyasi modelini yaratishni taklif qildi
Taksi agregatorlari bozorida WB Taxi ustun mavqega ega operator deb topildi
/
Taksi agregatorlari bozorida WB Taxi ustun mavqega ega operator deb topildi
Markaziy bank oktabr oyida 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
/
Markaziy bank oktabr oyida 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi