Markaziy bank oktabr oyida 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Yana bir bank va mikromoliya tashkilotiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirish berildi
Фото: Kapital.uz
Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 2026-yil oktabr oyida o‘tkazilgan 6 ta yig‘ilishida jami 43 ta masala ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ko‘rib chiqilgan masalalarning 23 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga, 20 tasi esa kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga taalluqli bo‘ldi.
Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar doirasida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 8 ta, banklarda audit o‘tkazish huquqini beruvchi auditorlik malaka sertifikatlarini taqdim etish bo‘yicha 2 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, akkreditatsiya qilish va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish bo‘yicha 4 ta, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish bo‘yicha 1 ta masala muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlari bilan bog‘liq 8 ta masala ko‘rib chiqildi.
Moliyaviy holatga oid 20 ta masala doirasida bank va nobank kredit tashkilotlarining Markaziy bank ko‘rsatmalari hamda prudensial me’yorlar talablariga rioya etishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari va moliyaviy xizmatlarni «tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Prudensial normativlar va qonunchilik talablarini buzish, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlarida aniqlangan qoidabuzarliklar sababli 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Yana 1 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkiloti esa ularga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ