O‘zbekistonda $50 mlnlik shaharsozlik loyihalari uchun 1% foyda solig‘i joriy etiladi
Yangi Toshkent va hududlardagi yirik loyihalar 20 yilgacha soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Hujjat qiymati 50 mln dollardan boshlanadigan shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Farmonga muvofiq, hujjat ilovasida belgilangan maxsus hududlarda yirik shaharsozlik loyihalari uchun “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, loyihalarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar obyektlarni ijaraga berish va sotishdan olgan foydasi uchun 1% stavkada foyda solig‘i to‘laydi.
Mazkur soliq imtiyozining amal qilish muddati to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmiga bog‘liq bo‘ladi:
- $50 mlndan kam bo‘lmagan investitsiyalar uchun — 5 yil;
- $100 mlndan kam bo‘lmagan investitsiyalar uchun — 10 yil;
- $500 mlndan kam bo‘lmagan investitsiyalar uchun — 15 yil.
Shuningdek, qiymati $50 mln va undan ortiq bo‘lgan loyihalar doirasida qurilgan obyektlar 20 yil muddatga mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi.
Bundan tashqari, bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti O‘zbekistonda faoliyat yuritmaydigan xorijiy shaxslardan sotib oladigan xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilinadi.
2040-yil 1-yanvargacha investorlarning loyiha doirasida olgan dividendlari O‘zbekistonda qayta investitsiya qilingan taqdirda, soliqdan ozod etiladi.
Farmon bilan Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga berilgan vakolat va imtiyozlar boshqa maxsus hududlarni qurishga mas’ul direksiyalarga ham tatbiq etiladi.
Jumladan, ushbu direksiyalar hududlarni rivojlantirish rejalari, sotiladigan yer uchastkalarida quriladigan obyektlarga qo‘yiladigan talablar hamda har bir loyiha uchun texnik shartlarni mustaqil belgilash vakolatiga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ