Rossiyada migrantlar ishlamaydigan oila a’zolari uchun soliq to‘lashi mumkin
Yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilmoqda
Фото: «РИА»
Rossiyada ishlayotgan chet elliklar 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatda bo‘lib turgan va ishlamaydigan oila a’zolari uchun soliq to‘laydi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish va fuqarolik masalalari bo‘yicha xizmat rahbari Andrey Kikot ma’lum qildi.
Mazkur chora migrantning ishlamaydigan oilasiga Rossiyada qolishni cheklashga qaratilgan. Kikot migrantlarning farzandlarini maktablarga qabul qilish uchun belgilangan yangi talablar natijasida ishlamaydigan oila a’zolari soni 20% ga kamayganini ham aytdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich avval 1,7 mln kishini tashkil etgan.
Kikot xorijiy ishchilarni uyushgan tarzda jalb etish rejalashtirilganini qo‘shimcha qildi. Tegishli qonun loyihasi hozirda hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Yangi tartibga binoan, ish beruvchi migratsiya xizmatiga buyurtma beradi. Maxsus operator esa ishchi kuchini tanlab, olib keladi va shartnoma muddati tugagach, migrant o‘z vataniga qaytadi. Yirik va o‘rta biznes vakillari bunday ishchilarni turar joy hamda ish joyiga borish uchun transfer bilan ta’minlashi shart bo‘ladi.
2026-yilning iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya sohasidagi davlat bojlarini oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. 2025-yilning bahorida IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi negizida Kikot boshchiligidagi migrantlar ishlari bo‘yicha alohida xizmat tashkil etilgan. 2024-yilning kuzida esa idora mamlakatda migratsiya hisobida turgan chet elliklar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilk bor ochiqlagandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ