Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun loyihasidan binolarni noqonuniy qurganlik uchun jarimalar chiqarib tashlandi

Bunda noqonuniy qurilishning har bir kvadrat metriga 2,2 mln so‘mgacha moliyaviy sanksiya qo‘llash ko‘zda tutilgandi

Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun loyihasidan binolarni noqonuniy qurganlik uchun jarimalar chiqarib tashlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi urbanizatsiyani tartibga solish va hududlarni rejalashtirishning yangi qoidalarini nazarda tutuvchi Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bilan birga, hujjatdan qurilish talablarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun avval taklif etilgan moliyaviy jazo chorasi chiqarib tashlandi.

Dastlabki qonun loyihasida yuridik shaxslardan qoidabuzarliklar bilan amalga oshirilgan qurilishning har bir kvadrat metri uchun 5 ta bazaviy hisoblash miqdori (2,2 mln so‘m) undirish taklif qilingan edi. Biroq hujjat ikkinchi va uchinchi o‘qishlarga tayyorlanishi jarayonida ushbu norma chiqarib tashlandi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Odil Mamadaliyev bu qarorni noqonuniy qurilish uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan izohladi.

Xususan, 28-sentabr kuni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ruxsat beruvchi hujjatlarsiz ko‘p qavatli uylar qurganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun imzolangan. Shuningdek, ushbu hujjat bilan ma’muriy jarimalar miqdori ham oshirilgan.

Yana bir sabab sifatida 2027-yil 1-yanvardan «birinchi xato uchun ogohlantirish» tamoyili joriy etilishi keltirildi. Deputatning ta’kidlashicha, qo‘shimcha moliyaviy sanksiya ushbu yondashuvga mos kelmaydi.

Bundan tashqari, qurilishdagi turli qoidabuzarliklar uchun bir xil miqdorda jarima belgilanishi jazo choralarining mutanosibligi tamoyiliga zid bo‘lishi mumkin edi. Yangi normalarning amaldagi ma’muriy va jinoiy qonunchilik bilan muvofiqlashmasligi xavfi ham mavjud bo‘lgan.

Qonun loyihasida yana qanday o‘zgarishlar bor?

Yangilangan hujjatda shaharsozlik faoliyatining asosiy tamoyillari belgilangan. Ular qatoriga hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar infratuzilmasini yaxshilash va aholining hayot sifatini oshirish kiradi.

O‘zgartirishlarning alohida qismi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining vakolatlariga taalluqli. Qo‘mitaning huquqiy maqomi va funksiyalarini bevosita Shaharsozlik kodeksida mustahkamlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, shahar va shaharchalarning bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalari hamda master-rejalarni kelishish tartiblari aniqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi turizm, biznes, madaniyat va sport sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilaydi.

Hujjat Qonunchilik palatasida ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ovozga qo‘yilgan. Unda 98 nafar deputat yoqlab, 13 nafari qarshi ovoz bergan. Yana 10 nafar parlament a’zosi ovoz berishda ishtirok etmagan.

Endilikda qonun loyihasi Senat tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Yuqori palata ma’qullaganidan so‘ng hujjat imzolash uchun prezidentga yuboriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida moliyaviy xavf haqida ogohlantirish majburiy bo‘ldi
/
O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida moliyaviy xavf haqida ogohlantirish majburiy bo‘ldi
Ko‘p kvartirali uylar qurilishida eskrou hisobvaraqlari joriy etilishi bo‘yicha qonun Senatga yuborildi
/
Ko‘p kvartirali uylar qurilishida eskrou hisobvaraqlari joriy etilishi bo‘yicha qonun Senatga yuborildi
O‘zbekistonda energetika loyihalarida mahalliy institutlar ulushi 50% ga yetkaziladi
/
O‘zbekistonda energetika loyihalarida mahalliy institutlar ulushi 50% ga yetkaziladi