O‘zbekistonda energetika loyihalarida mahalliy institutlar ulushi 50% ga yetkaziladi
Bundan tashqari, hududlarda energetika sohasiga ixtisoslashgan loyiha institutlarining filiallarini tashkil etish belgilandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan NURA Electric zavodiga tashrif buyurib, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari va istiqboldagi rejalari bilan tanishdi.
20 gektar maydonda tashkil etilgan korxonaga $50 mln investitsiya kiritilgan. Zavodda 1 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 1,5 mingdan ziyod turdagi elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona 0,4–500 kilovolt kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, nimstansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun avtomatika shkaflari, elektr shinalar va metall konstruksiyalar ishlab chiqaradi. Uning yillik ishlab chiqarish quvvati 25 mingdan ortiq uskunani tashkil etadi.
Zavodda Yaponiyaning Amada, Turkiyaning Durma va Teslabend kompaniyalari uskunalari o‘rnatilgan. Raqamli boshqaruv tizimiga ega dastgoh va presslarni ham hisobga olganda, korxonadagi zamonaviy uskunalar soni 120 tadan oshadi.
Ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlari SAP ERP yagona raqamli platformasi orqali muvofiqlashtiriladi. Jarayonlarni optimallashtirish va mahsulot hamda butlovchi qismlarni mahalliylashtirish natijasida mahsulot tannarxini 10% gacha kamaytirishga erishilgan.
Korxonada akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud. Mahsulotlar xalqaro ISO standartlari asosida ishlab chiqariladi. Zavod uskunalarni to‘liq butlash, ularni o‘z laboratoriyasida sinovdan o‘tkazish va kecha-kunduz servis xizmati ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Korxona malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zenergoinjiniring AJ va Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik qilmoqda. Har yili universitetning 100 nafardan ortiq talabasi zavodda haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi.
Prezidentga korxonada ishlab chiqarilayotgan transformator stansiyalari, taqsimlash qurilmalari va boshqa energetika uskunalari namoyish etildi. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlari, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va istiqboldagi rejalar taqdim qilindi.
Davlat rahbari mahsulotlar sifatini yuqori baholab, ichki bozor talabini qondirish bilan birga Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy bozorlarga eksportni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Biz faqat mahsulot emas, injiniring xizmatlarini ham eksport qilishimiz kerak. Buning uchun o‘zimizda shakllanayotgan loyihalashtirish va sinov laboratoriyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda ehtiyot va butlovchi qismlar turini ko‘paytirish, ularni ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda servis xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, energetika sohasidagi loyihalarda mahalliylashtirish darajasini oshirish masalasi ko‘tarildi. Xususan, loyihalarni ishlab chiqishda mahalliy loyiha institutlarining ulushini kamida 50% ga yetkazish vazifasi belgilandi.
O‘zimizning loyihachilarimizga ishonishimiz, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Xorijda o‘qigan, tajriba orttirgan yoshlarimiz bor. Ularning atrofida mutaxassislarni birlashtirib, buyurtma bilan ta’minlasak, bu sohani rivojlantirishga qodirmiz, — dedi prezident.
Shu maqsadda hududlarda energetika sohasiga ixtisoslashgan loyiha institutlarining filiallarini tashkil etish belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ