O‘zbekiston Orolni qutqarish loyihalariga $3,3 mlrd yo‘naltirishni rejalashtirmoqda
2027–2029-yillarda suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarida 133 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga O‘zbekiston raisligi davrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. U Orol dengizi havzasida suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni ta’minlaydi.
2027−2029-yillarda O‘zbekiston jamg‘armaga raislik qiladi. Bu davr uchun suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohalarida 133 ta loyiha ishlab chiqilgan. Ular doirasida suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish, suvni taqsimlash, hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, gidrometeorologik ma’lumotlarni kuzatish, toshqin va qurg‘oqchilikni prognoz qilish hamda ulardan erta ogohlantirish bo‘yicha mintaqaviy raqamli platformani yaratish, shuningdek, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlash darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarning umumiy qiymati $3,3 mlrdni tashkil etadi. Ular Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida moliyalashtiriladi.
Prezident kelgusi yildagi ishlar bo‘yicha oyma-oy “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash va uning ijrosini ta’minlashni topshirdi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirishga xorijdagi vatandoshlar qatori xalqaro ekspertlar, professorlar va olimlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
O‘zbekistonning OQXJga raisligidagi ustuvor vazifalar sifatida jamg‘arma tuzilmasi va uning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, organlari vakolatlarini aniq belgilash, Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash belgilandi. Shuningdek, jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarida qabul qilingan qarorlar bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratiladi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti jamg‘arma tashabbuslarini amalga oshirish uchun ilmiy-tahliliy platformaga aylanadi. Shu munosabat bilan oliygohning ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish, ekologik tiklanish va suvni tejash bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi, mintaqa mamlakatlari olimlari bilan birgalikda cho‘llanishga qarshi kurashish loyihalari ishlab chiqiladi, investitsiya va grantlar jalb etiladi. Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston uchun suv xo‘jaligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ