“Toshkent” fond birjasi UCI indeksini uchta yangi UPI indeksiga almashtiradi
Yangi indekslar aksiyalarni bozor kapitallashuvi, erkin muomaladagi ulushi va teng vazn tamoyillari asosida baholash imkonini beradi
“Toshkent” Respublika fond birjasi 10-noyabrdan amaldagi UCI indeksining o‘rniga uchta yangi indeks — UPI (Uzbekistan Prime Index), UPI FF (Uzbekistan Prime Index Free Float Adjusted) va UPI EW (Uzbekistan Prime Index Equal-Weighted)ni joriy etadi. Bu haqda birja vakillari brifingda ma’lum qildi.
Yangi indekslar O‘zbekiston kapital bozorining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan ishlar doirasida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Ularni joriy etish Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-254-son farmonida belgilangan vazifalar bilan bog‘liq.
Yangi indekslar aksiyalarning likvidligi va erkin muomaladagi ulushini hisobga olgan holda fond bozori dinamikasini turli usullarda baholash imkonini beradi.
UPI indekslari qanday hisoblanadi?
Uchta indeks o‘rtasidagi asosiy farq ulardagi aksiyalar vaznini belgilash usulidan iborat.
UPI — kompaniyalarning to‘liq bozor kapitallashuvi asosida hisoblanadi. Bunda emitent aksiyalarining indeksdagi ulushi uning umumiy bozor qiymatiga bog‘liq bo‘ladi.
UPI FF — aksiyalarning erkin muomaladagi ulushini (free float) hisobga olgan holda, bozor kapitallashuvi asosida shakllantiriladi.
UPI EW — teng vaznli indeks bo‘lib, uning tarkibidagi barcha aksiyalarga har chorakda qayta ko‘rib chiqish vaqtida teng boshlang‘ich vazn beriladi.
Uchala indeks uchun qimmatli qog‘ozlarni tanlashning umumiy mezonlari va indeks tarkibini qayta ko‘rib chiqish tartibi bir xil bo‘ladi. Farq faqat aksiyalarning indeksdagi vaznini hisoblash usulida.
Indeks tarkibiga kirish talablari qanday?
Yangi metodologiyaga ko‘ra, indeks tarkibiga kiritiladigan aksiyalar bir nechta mezonga javob berishi kerak.
Jumladan, emitentning oxirgi e’lon qilingan yillik moliyaviy hisobotida ijobiy moliyaviy natija qayd etilgan bo‘lishi, erkin muomaladagi aksiyalar ulushi kamida 5% ni tashkil qilishi lozim.
Shuningdek, aksiyalar birjaning kotirovkalash varag‘ida belgilangan muddat davomida bo‘lishi, savdo faolligi va likvidlik talablariga javob berishi kerak.
Yangi indekslar investorlarga qanday imkoniyat beradi?
Birja vakillarining ta’kidlashicha, yangi indekslar tahlilchilar va OAV uchun fond bozori tendensiyalarini o‘rganish va yoritishda qo‘shimcha axborot manbai bo‘ladi. Emitentlar esa indeks tarkibiga kirish mezonlari bilan oldindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, UPI indekslarining joriy etilishi kelgusida indekslarga asoslangan investitsiya mahsulotlari, jumladan, birja investitsiya fondlari (ETF)ni rivojlantirish uchun metodologik asos yaratadi.
Yangi indekslar bo‘yicha ma’lumotlar Bloomberg xalqaro moliyaviy axborot platformasiga uzatib boriladi. Bungacha ushbu platformaga birjaning amaldagi UCI indeksi qiymatlari taqdim etilgan.
Shuningdek, Refinitiv (LSEG) va Cbonds xalqaro moliyaviy axborot platformalari ham yangi indekslarga qiziqish bildirgan. Birja ushbu platformalarga ham ma’lumotlarni yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Umetryx platformasi ham ishlab chiqilmoqda
UPI indekslarining joriy etilishi “Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan ishlab chiqilayotgan Umetryx yagona bozor ma’lumotlari va tahliliy platformasi bilan ham bog‘liq.
Loyihani uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Platformada savdo ma’lumotlari, kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari, aksiyalar narxining tarixiy dinamikasi va grafiklari, obligatsiyalar hamda emitentlar haqidagi axborot joylashtiriladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar aksiyalarni saralash va tahlil qilish vositalari hamda birja indekslaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Platforma investorlar va bozor ishtirokchilariga ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish va tahlil qilish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.
Birja vakillarining fikricha, yangi indekslar milliy fond bozori dinamikasini kengroq baholash, ma’lumotlar shaffofligini oshirish va mahalliy hamda xalqaro investorlar uchun axborot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ