O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari bir oyda qariyb $3 mlrdga kamaydi
Kamayishning asosiy qismi oltin qiymatining pasayishi bilan bog‘liq
Фото: Bloomberg
O‘zbekistonning yalpi xalqaro zaxiralari 2026-yil noyabr oyi boshida 63,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu oktabr oyi boshidagi ko‘rsatkichga nisbatan $2,96 mlrdga yoki 4,5% ga kam. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Zaxiralarning asosiy qismini tashkil etuvchi oltin qiymati bir oyda $60,1 mlrddan $58 mlrdga tushgan. Natijada oltin zaxiralari qiymati qariyb $2 mlrdga kamaygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oktabr oyida oltinning bir troya unsiyasi narxi $4 188,75 dan $3 981,10 gacha pasaygan. Narx o‘zgarishining xalqaro zaxiralar hajmiga ta’siri qariyb $3 mlrdni tashkil etgan.
Shuningdek, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari ham kamaygan. Ularning hajmi oktabr oyi boshidagi $5,9 mlrddan noyabr oyi boshida $5 mlrdgacha tushgan.
1-noyabr holatiga ko‘ra, oltin O‘zbekistonning yalpi xalqaro zaxiralarining qariyb 91,2% ni tashkil qilgan. Xorijiy valyutadagi aktivlar ulushi esa 7,9% atrofida bo‘lgan.
Kapital.uz avvalroq sentabr oyida mamlakat oltin eksport qilmagani va sotuvlar faqat aprel va iyul oylarida amalga oshirilgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ