O‘zbekiston sentabr oyida ham oltin eksport qilmadi

Yanvar–sentabr oylarida oltin eksporti tushumlari o'tgan yilga nisbatan 3,5 barobar kam

O‘zbekiston sentabr oyida ham oltin eksport qilmadi

O‘zbekistonda avgust oyida to‘xtatilgan oltin eksporti sentabrda ham amalga oshirilmadi. Bu Milliy statistika qo‘mitasining 2026-yil yanvar–sentabr oylaridagi tashqi savdo bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

Hisobotga ko‘ra, to‘qqiz oyda mamlakat eksporti $25,8 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 5,5% ga kam.

Eksport hajmining qisqarishiga, asosan, qimmatbaho metallar yetkazib berishning kamayishi ta’sir ko‘rsatgan. Biroq oltindan tashqari boshqa tovarlar eksporti va xizmatlar savdosida o‘sish kuzatilgan.

Jumladan, oltindan tashqari tovarlar eksportidan tushgan daromad 31,6% ga oshib, $13,3 mlrdga yetgan. Xizmatlar eksporti esa 31,1% ga o‘sib, $9,71 mlrdni tashkil qilgan.

Yanvar–sentabr oylarida oltin eksportidan tushgan jami tushum $2,8 mlrd bo‘lgan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich $9,8 mlrdni tashkil etgan. Shu tariqa, oltin eksporti qiymati bir yil ichida qariyb 3,5 barobar kamaygan.

O‘zbekiston 2026-yilda oltinni faqat ikki oy eksport qildi

Joriy yilda O‘zbekiston oltinni faqat aprel va iyul oylarida eksport qilgan. Aprelda qimmatbaho metall eksporti $1,5 mlrdni, iyulda esa $1,3 mlrdni tashkil etgan.

Shundan keyin, jumladan, avgust va sentabr oylarida oltin eksporti qayd etilmagan.

Taqqoslash uchun, 2025-yil yakunida O‘zbekiston oltin eksporti bo‘yicha rekord natijaga erishgan. O‘sha yili qimmatbaho metall yetkazib berish qiymati $9,9 mlrddan oshgan.

O‘zbekiston xalqaro zaxiralari hajmi sentabr oyida $5,5 mlrdga kamayib, $72,1 mlrddan $66,6 mlrdgacha tushdi. Asosiy pasayish zaxiralarning oltin qismiga to‘g‘ri keldi. Uning qiymati bir oyda $4,8 mlrdga kamayib, $64,9 mlrddan $60,1 mlrdgacha tushgan. Shu bilan birga, zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 14,1 mln troya unsiyasidan 14,3 mln troya unsiyasigacha oshgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi
/
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi
Toshkentda BRT yo‘laklari tashkil etiladigan to‘rtta ko‘cha tanlandi
/
Toshkentda BRT yo‘laklari tashkil etiladigan to‘rtta ko‘cha tanlandi
“Imarat Development” qurilish kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
/
“Imarat Development” qurilish kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi