O‘zbekiston iyul oyida $1,3 mlrdlik oltin eksport qildi
Mamlakatning yanvar–iyul oylaridagi oltin eksporti $2,8 mlrdni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 baravar kam
Фото: ТАСС
O‘zbekiston iyul oyida oltin eksportini qayta tikladi. Mamlakat ushbu oyda qariyb $1,3 mlrdlik qimmatbaho metall sotgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning jami eksporti $19,93 mlrdni tashkil etdi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 3,6% ga kamaygan.
Eksport hajmining pasayishiga asosan qimmatbaho metallar savdosining qisqarishi ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, boshqa asosiy yo‘nalishlarda o‘sish qayd etildi. Xususan, sanoat mahsulotlari eksporti 22,4% ga oshib, $2,87 mlrdga yetgan. Xizmatlar eksportidan tushum esa 35,3% ga ko‘payib, $7,32 mlrdni tashkil qilgan.
Yanvar–iyul oylarida oltin eksportining umumiy qiymati $2,8 mlrd bo‘ldi. Bu 2025-yilning dastlabki yetti oyidagi $7,58 mlrdga nisbatan 2,7 baravar kam.
O‘zbekiston yil boshidan buyon oltinni faqat aprel va iyul oylarida eksport qilgan. Dastlabki yetti oyda qimmatbaho metallar eksporti $1,5 mlrd bo‘lganini hisobga olsak, iyul oyidagi oltin savdosi qariyb $1,3 mlrdni tashkil etgan.
Mamlakat aprel oyigacha oltinni oxirgi marta 2025-yil sentabrida eksport qilgan. O‘sha oyda qimmatbaho metall eksporti $1,47 mlrdga baholangan.
2025-yil yakunida O‘zbekiston oltin eksporti bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etgan. Yil davomida qimmatbaho metall eksporti $9,9 mlrddan oshgan.
Oltin ishlab chiqarish
Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026-yilning birinchi yarmida 1,508 mln troya unsiyasi yoki 46,9 tonna oltin qazib olgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 2% ga kam.
Shu bilan birga, oltin ishlab chiqarishning puldagi qiymati 41,7% ga oshib, 86,2 trln so‘mga yetgan.
Oltin zaxiralari ham oshdi
O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 1-avgust holatiga $64,34 mlrdni tashkil etgan. Bir oy davomida zaxiralar 0,92% ga ko‘paygan.
O‘sish asosan oltin va valyuta zaxiralari hisobiga ta’minlangan. O‘zbekistonning oltin zaxiralari qiymati bir oyda $365,3 mlnga oshib, $56,12 mlrdga yetgan. Bunda zaxiradagi oltinning fizik hajmi biroz qisqarib, qariyb 430,8 tonnani tashkil etgan.
Valyuta zaxiralari esa $208,8 mlnga ko‘payib, $7,65 mlrdga yetgan.
Iyul davomida xalqaro bozorda oltin narxi ham o‘zgaruvchan bo‘lgan. Oy boshida qimmatbaho metallning bir troya unsiyasi $4 200 atrofida baholangan. Keyinchalik kotirovkalar pasayib, $4 000dan ham pastlagan.
Oy ikkinchi yarmida oltin narxi yana ko‘tarilib, iyul oxiriga kelib bir troya unsiyasi $4 100dan oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ