O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyul oyida $590 mlnga oshdi
Oltin qiymati $365 mlnga ko‘paygan bo‘lsa-da, uning fizik hajmi qariyb 0,94 tonnaga kamaygan
Фото: ТАСС
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1-avgust holatiga ko‘ra $590 mlnga — $63,76 mlrddan $64,35 mlrdgacha o‘sdi. Bu Markaziy bank ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Iyul oyida valyuta zaxiralari $209 mlnga ko‘payib, $7,44 mlrddan $7,65 mlrdga yetdi.
Xalqaro zaxiralar tarkibida qimmatli qog‘ozlar paydo bo‘lganidan beri ilk bor ularning hajmi kamaygani qayd etildi. Iyul oyida portfel qariyb $1,1 mlrdga yoki deyarli 40% ga — $2,86 mlrddan $1,76 mlrdgacha qisqardi.
Shu bilan birga, naqd valyuta va depozitlar hajmi $1,31 mlrdga — $4,58 mlrddan $5,89 mlrdgacha o‘sdi.
Zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati $365 mlnga oshib, $55,76 mlrddan $56,12 mlrdga yetdi.
Bundan tashqari, oltinning fizik hajmi, aksincha, biroz kamaydi — 13,88 mln dan 13,85 mln troy unsiyagacha (430,8 tonna). Kamayish taxminan 30,2 ming troy unsiyani yoki qariyb 0,94 tonnani tashkil etdi. Shu tariqa, oltin hajmi 1-iyul holatidagi rekord ko‘rsatkichdan so‘ng qisqardi.
Qimmatbaho metallning fizik hajmi kamayganiga qaramay, jahon narxlarining oshishi zaxiralarning oltin qismi qiymatini ushlab turdi.
Markaziy bank statistikaga berilgan izohda iyul oyida oltin narxi bir troy unsiya uchun $4016,7 dan $4052,2 gacha yoki qariyb 0,9% ga oshganini ko‘rsatib o‘tgan. Regulyator oltinni qayta baholashdan olingan ijobiy effektni $490 mlnga baholadi.
Bu shuni anglatadiki, kotirovkalar oshishi hisobiga oltin zaxirasi qiymatining ortishi uning fizik hajmi kamayishi bilan qisman qoplangan.
Taqqoslash uchun, 1-iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birdaniga $6,8 mlrdga — $70,6 mlrddan $63,8 mlrdgacha qisqargan edi. O‘shanda asosiy sabab oltin narxining tushishi bo‘lgandi: uning narxi bir troy unsiya uchun $4516,85 dan $4016,7 gacha arzonlashgan, Markaziy bank esa qayta baholashning salbiy effektini taxminan $6,9 mlrdga baholagan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ