Todd Boeli Lukoylning xorijdagi aktivlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Taxminan $16 mlrdga baholanayotgan bitim O‘zbekistondagi gaz loyihalariga ham ta’sir qilishi mumkin
Avvalroq Chelsi futbol klubining ulushiga egalik qilgan amerikalik milliarder Todd Boeli Rossiyaning Lukoyl neft kompaniyasiga tegishli xorijiy aktivlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitimni uning Eldridge investitsiya kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda konsorsiumning 25-noyabr kuni e’lon qilingan xabarida ma’lum qilindi.
Bitim Lukoylning O‘zbekistondagi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kompaniya mamlakatda mahsulot taqsimotiga oid bitimlar (PSA) asosida ishlaydi va gaz konlarini o‘zlashtirishda ishtirok etadi. Uning asosiy loyihalari qatoriga Buxoro viloyatidagi Qandim — Xauzak — Shodi hamda Qashqadaryo viloyatidagi Janubi-g‘arbiy Hisor konlari kiradi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Lukoyl Qandim konlarini o‘zlashtirish loyihasining 90% ulushiga ega va Janubi-g‘arbiy Hisor konining operatori hisoblanadi. Biroq yangi mulkdorga o‘tadigan aktivlarning yakuniy ro‘yxati hozircha oshkor qilinmagan.
Eldridge kompaniyasidan tashqari, konsorsium tarkibiga AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), Xtellus Partners investitsiya kompaniyasi va Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan Catena Investment Holding ham kirgan.
Kelishuv Lukoyl ning xorijdagi aktivlarini boshqaruvchi LUKOIL International GmbH kompaniyasining 100% ulushini sotib olishni nazarda tutadi. Bitim mexanizmiga ko‘ra, G‘arb investorlariga tegishli Rossiya qimmatli qog‘ozlari xalqaro biznesdagi ulushga almashtiriladi.
Aktivlar portfeli taxminan $16 mlrdga, almashtirilishi rejalashtirilgan qimmatli qog‘ozlar qiymati esa $10 mlrdga baholanmoqda.
Olingan qimmatli qog‘ozlar BAAda ochiladigan, foydalanish imkoniyati cheklangan maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Bu mexanizm Rossiya kompaniyasiga mablag‘larning bevosita o‘tkazilishini istisno etishi kerak.
Lukoylning xalqaro portfeli turli mamlakatlardagi neft va gaz konlari, neftni qayta ishlash zavodlari, quvurlar hamda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini o‘z ichiga oladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning xorijdagi biznesi 11 ta mamlakatni qamrab oladi va kuniga qariyb 350 ming barrel neft qazib chiqarishni ta’minlaydi.
Bitimni yakunlash uchun AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) roziligi talab etiladi. Boelining aytishicha, bu jarayon bir yilgacha davom etishi mumkin. Aktivlar yangi mulkdor nazoratiga o‘tgach, kompaniya nomini o‘zgartirish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Todd Boelini qabul qilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ