O‘zbekistonda 2030-yilgacha ozuqa yetishtirish 90 mln tonnaga yetkaziladi
Shuningdek, ozuqa markazlari tashkil etiladi va bu orqali qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratiladi
Shavkat Mirziyoyev chorvachilikda ozuqa bazasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ozuqa xarajatlari go‘sht yetishtirish tannarxining 30% ni tashkil etmoqda. Mamlakatda 12,5 mln bosh qoramol, 23 mln bosh qo‘y-echki va 125 mln bosh parranda boqilayotgan bo‘lib, yiliga 48 mln tonna ozuqa yetishtirilmoqda.

Biroq bu mavjud ehtiyojni to‘liq qoplamayapti. Bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etilsa, amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmayapti. Shuningdek, chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda.
Taqdimotda ozuqa yetishtirish hajmini 2027-yilda 64,5 mln tonnaga, 2030-yilga borib esa 90 mln tonnaga yetkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Jumladan, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
- ozuqabop ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish;
- 2030-yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish;
- chorvachilik uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanilishini kosmik monitoring orqali nazorat qilish;
- 1 mln gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ sepish;
- sun’iy urug‘lantirish va yuqori genetik qiymatga ega embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalarini keng qo‘llash.
Mazkur chora-tadbirlar hisobiga qoramollarning so‘yishga topshirishdagi tirik vaznini 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammga yetkazish hamda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalari tashkil etiladi. Ular, ayniqsa, mamlakatdagi qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini sifatli va maqbul narxdagi ozuqa bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Qashqadaryoda Misr olimlari bilan ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlarini tashkil etish rejalari taqdim etildi.
Taqdimotda 2027-yildan Qashqadaryo viloyatida sinov tariqasida aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xarid qilish xarajatlarining 10% ni subsidiyalash tizimini joriy etish taklifi bildirildi.
Shuningdek, hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ular ozuqani yirik hajmda xarid qilish, qayta ishlash, zaxiralash va bozorga uzluksiz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Bu tizim, ayniqsa, qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini sifatli va maqbul narxdagi ozuqa bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagilar taklif etildi:
- 500 gektardan ortiq yerni ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun o‘zlashtirib, zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga mahalliy budjet hisobidan 100 ming kub metrgacha suv sig‘imiga ega havzalar qurib berish;
- “Pivot” sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun subsidiyani har bir gektarga 2,5 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha oshirish;
- kamida 10 gektar maydonni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uchun uskunalar xaridi xarajatlarining 50% gacha qismini qoplash;
- ozuqa markazlarini tashkil etish va ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Prezident mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash hamda ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ