OTP Bank Ipoteka-bankdagi davlat ulushining qolgan 17,5 foizini sotib oladi
Tomonlar bank xususiylashtirilishining ikkinchi bosqichini qisqartirilgan muddatlarda yakunlashga kelishib oldi
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Vengriyaning OTP Bank banki “Ipoteka-bank” ATIB ustav kapitalidagi davlatga tegishli qolgan 17,5% aksiyalarni sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim bank xususiylashtirilishining yakuniy bosqichi bo‘ladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Avvalroq Kapital.uz “Ipoteka-bank” ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuv 2022-yilda imzolangani haqida yozgan edi. Unga ko‘ra, davlatga tegishli aksiyalar paketi bosqichma-bosqich sotilishi belgilangan. 2023-yil iyun oyida OTP Bank bitimning birinchi bosqichini yakunlab, bank aksiyalarining 73,71% ni $324 mln evaziga sotib olgan.
2023-yil dekabr oyida OTP Bank bankka qo‘shimcha $70 mln investitsiya kiritgan. Buning uchun yangi aksiyalar paketi chiqarilgan va natijada OTP Bank ulushi 79,6% ga yetgan.
2026-yil may oyida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) avval ajratilgan kreditni bank kapitaliga aylantirish orqali uning 8,7% aksiyasiga ega bo‘ldi. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, OTP Bank ulushi 72,89% ni, davlat ulushi 17,49% ni, IFC ulushi esa 8,7% ni tashkil etgan. Joriy bitim yakunlangach, OTP Group ulushi 90,4% ga yetishi kutilmoqda.
O‘tgan to‘rt yil davomida bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari, shuningdek, O‘zbekistondagi iqtisodiy sharoit sezilarli darajada yaxshilangan. Shu munosabat bilan tomonlar dastlabki bitimning ayrim shartlarini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kelishuv tuzgan.
Erishilgan kelishuvga muvofiq, “Ipoteka-bank” ni xususiylashtirishning ikkinchi bosqichini qisqartirilgan muddatlarda yakunlash rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ