O‘zbekistonda mikromoliya xizmatlari hajmi 110 trln so‘mga yetdi
Bunda banklar ko‘rsatgan xizmatlar hajmi 24% ga qisqargan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda mikromoliya xizmatlari hajmi 109,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 trln so‘mga yoki 6% ga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning sharhida ma’lum qilindi.
Hisobot davrida banklar tomonidan ko‘rsatilgan mikromoliya xizmatlari hajmi 62,4 trln so‘mni tashkil etdi. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 82,7 trln so‘m bo‘lgan. Shunday qilib, banklar xizmatlari hajmi bir yil ichida 24% ga kamaygan. Joriy davrdagi umumiy hajmning 24,6 trln so‘mi davlat banklari, 37,8 trln so‘mi esa xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar ko‘rsatgan xizmatlar hajmi oshgan. Mikromoliya tashkilotlari hissasiga jami 44,4 trln so‘m to‘g‘ri kelgan. Shundan 32,3 trln so‘mlik xizmatlar bevosita mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan. Lombardlar xizmatlari hajmi esa 3,1 trln so‘mni tashkil etgan.
Bozorning asosiy qismini mikroqarzlar tashkil qildi — 92,9 trln so‘m. Bir yil ichida ularning hajmi 12 foizga oshgan. Mikrokreditlar hajmi esa aksincha, 19% ga qisqarib, 17 trln so‘mga tushgan.
Mikromoliya xizmatlarining salmoqli qismi onlayn shaklda ko‘rsatilgan. Yanvar–sentabr oylarida internet orqali 67,1 trln so‘mlik xizmatlar taqdim etilgan. Bu umumiy hajmning 61 foiziga teng. An’anaviy xizmat ko‘rsatish shakli orqali esa 42,8 trln so‘mlik mikromoliya xizmatlari ko‘rsatilgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilik qilgan. Poytaxt hissasiga 71,3 trln so‘m yoki jami mikromoliya xizmatlarining 65% to‘g‘ri kelgan.
Hududlar orasida xizmatlar hajmining eng yuqori o‘sishi Andijon viloyatida kuzatilib, 24% ni tashkil etgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 10%, Sirdaryo viloyatida esa 8% bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ