Bank va sug‘urta xizmatlari bo‘yicha 78 mln so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolarga qaytarildi

Xususan, “CROSS PAY” orqali kartalaridan jami 30,8 mln so‘m yechib olingan ikki fuqaroning pullari qaytarildi

Bank va sug‘urta xizmatlari bo‘yicha 78 mln so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolarga qaytarildi

Raqobat qo‘mitasi bank va sug‘urta xizmatlaridan foydalanishda iste’molchilar hamda tadbirkorlar huquqlari buzilishi yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni o‘rgandi. Ko‘rilgan choralar natijasida bir qator fuqarolarning mablag‘lari qaytarildi, sug‘urta va bank xizmatlariga oid muammolar bartaraf etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, respublika miqyosida “CROSS PAY” AJ faoliyati yuzasidan ikki fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Birinchi holatda fuqaroning bank kartasidan 25,2 mln so‘m noqonuniy yechib olingani aniqlanib, mablag‘ naqd pul shaklida qaytarilishi ta’minlandi. Ikkinchi murojaat bo‘yicha esa kartadan yechilgan 5,62 mln so‘m fuqaroning plastik kartasiga qaytarildi.

Natijada ikki iste’molchiga jami 30,82 mln so‘m mablag‘ qaytarildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Agrobank” ATBning Beruniy filiali faoliyati o‘rganildi. Aniqlanishicha, bank 2024–2025-yillarda beshta fermer xo‘jaligiga ajratilgan kreditlarni qaytarmaslik xatarini sug‘urtalash bo‘yicha shartnomalarni faqat “My Insurance” AJ bilan majburiy tartibda rasmiylashtirgan.

Maxsus komissiya ushbu holatni “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi buzilishi deb topgan. Qonunning 42-moddasiga asosan bankka moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qo‘mitaning Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Jizzax viloyatida fuqaro “Agrobank”ning “Open” ilovasi orqali mahsulotni muddatli to‘lovga xarid qilgan. Shartlarga ko‘ra, u 12 oy davomida jami 6,5 mln so‘m to‘lashi kerak bo‘lgan. Biroq uning ogohlantirilishisiz sug‘urta muddati uch yilga rasmiylashtirilib, qo‘shimcha to‘lovlar kiritilgan. Hududiy boshqarma aralashuvidan so‘ng sug‘urta to‘lovi muddati tuzatildi.

Navoiy viloyatida esa “Gross Sug‘urta Kompaniyasi” AJ tomonidan avtokredit asosida xarid qilingan avtomobil YTHga uchraganidan keyin sug‘urta tovoni to‘lab berilmagani yuzasidan murojaat kelib tushgan. Qo‘mita aralashuvidan so‘ng qariyb 7,5 mln so‘m sug‘urta tovoni avtokredit bo‘yicha majburiyatlarni so‘ndirish uchun tegishli hisobvaraqqa o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyatida Rossiyadan fuqaroga yuborilgan pul o‘tkazmasi “Universalbank” ATBning Qarshi filiali tomonidan ikki oy davomida berilmagan. Hududiy boshqarma aralashuvidan so‘ng 37 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘liq qaytarildi.

Toshkent viloyatida esa Olmaliq shahrida yashovchi fuqaroning TBC Bank ilovasi orqali amalga oshirgan 2 mln so‘mlik pul o‘tkazmasi texnik sabablarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa-da, mablag‘ unga qaytarilmagan. Murojaat o‘rganilishi natijasida pul fuqaroning bank kartasiga qaytarildi.

Qo‘mita bank va sug‘urta xizmatlari sohasida iste’molchilar hamda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini bildirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda so‘mdagi omonatlar daromadliligi oktabrda 17,1% gacha pasaydi
/
O‘zbekistonda so‘mdagi omonatlar daromadliligi oktabrda 17,1% gacha pasaydi
Shveysariya Gulnora Karimovaning aktivlaridan $252,5 mlnni O‘zbekistonga qaytaradi
/
Shveysariya Gulnora Karimovaning aktivlaridan $252,5 mlnni O‘zbekistonga qaytaradi
O‘zbekistonda 2027-yilda sun’iy intellekt uchun 7 eksaflopsdan ortiq quvvatga ega klaster yaratiladi
/
O‘zbekistonda 2027-yilda sun’iy intellekt uchun 7 eksaflopsdan ortiq quvvatga ega klaster yaratiladi