O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro savdo hajmini $500 mlngacha yetkazishni rejalashtirmoqda
Uchrashuv yakunida ikki davlat rahbari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Ammon shahridagi “Al-Husayniya” saroyida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini kelgusida $500 mln ga yetkazish masalalarini muhokama qildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda siyosiy muloqot va idoralararo aloqalar faollashgani, o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmi barqaror o‘sayotgani qayd etildi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalari belgilandi. Shuningdek, imtiyozli savdo bitimini imzolash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, jumladan, madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy sohada tajriba almashish, turistik almashinuvni kengaytirish va qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy masalalar ham muhokama qilindi. BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va “Aqaba jarayoni” doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat rahbari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ