Shveysariya Gulnora Karimovaning aktivlaridan $252,5 mlnni O‘zbekistonga qaytaradi

Mablag‘lar “Ishonch — 2030” jamg‘armasi orqali yangi maktablar qurish, bolalar salomatligini muhofaza qilishga yo‘naltiriladi

Shveysariya Gulnora Karimovaning aktivlaridan $252,5 mlnni O‘zbekistonga qaytaradi

O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida Gulnora Karimova ishi bo‘yicha musodara qilingan aktivlarning navbatdagi qismini qaytarish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Unga ko‘ra, $252,5 mln mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilib, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Bitim 24-noyabr kuni tasdiqlangan. Mablag‘lar O‘zbekiston, Shveysariya va BMT hamkorligida tashkil etilgan “Ishonch — 2030” (Uzbekistan Vision 2030 Fund) trast jamg‘armasi orqali taqsimlanadi.

Resurslarni taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichiga oid hujjat O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Simone Giger hamda BMTning mamlakatdagi doimiy koordinatori Sabine Mal tomonidan imzolangan.

Mablag‘lar qaysi sohalarga yo‘naltiriladi?

Qaytariladigan aktivlarni ikki asosiy yo‘nalishga sarflash rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasida bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ta’lim yo‘nalishida yangi maktablar qurilishini qo‘llab-quvvatlash, ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Bunda, ayniqsa, qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlariga e’tibor qaratiladi.

Avvalgi bosqichda $87 mln ajratilgan

“Ishonch — 2030” trast jamg‘armasi Shveysariyada musodara qilingan aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish va aholi manfaatlari yo‘lida ishlatish maqsadida tashkil etilgan.

Jamg‘arma strategiyasining birinchi bosqichida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga $87 mln yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘lar onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, perinatal xizmatlarni yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish hamda o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga sarflangan.

Loyihalarni tanlash va amalga oshirishda BMT hamda Jahon banki ishtirok etadi. Mablag‘larning maqsadli sarflanishi va loyihalar natijadorligi monitoring qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Shveysariya bilan qariyb $131 mln, 2025-yil fevralida esa yana $182 mln aktivni qaytarish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Shu tariqa, avvalgi kelishuvlar doirasida “Ishonch” jamg‘armasi orqali O‘zbekiston aholisi manfaatlariga yo‘naltirilishi belgilangan mablag‘lar $313 mlnni tashkil etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 2027-yilda sun’iy intellekt uchun 7 eksaflopsdan ortiq quvvatga ega klaster yaratiladi
/
O‘zbekistonda 2027-yilda sun’iy intellekt uchun 7 eksaflopsdan ortiq quvvatga ega klaster yaratiladi
O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro savdo hajmini $500 mlngacha yetkazishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro savdo hajmini $500 mlngacha yetkazishni rejalashtirmoqda
OKMKga davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi
/
OKMKga davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi