O‘zbekistonda 2027-yilda sun’iy intellekt uchun 7 eksaflopsdan ortiq quvvatga ega klaster yaratiladi

Shuningdek, yil oxirigacha ishlayotgan serverlar sonini 24 taga, grafik kartalar sonini esa 192 taga yetkazish zarurligi qayd etildi

O‘zbekistonda 2027-yilda sun’iy intellekt uchun 7 eksaflopsdan ortiq quvvatga ega klaster yaratiladi

Raqamli texnologiyalar vazirligi sun’iy intellektni rivojlantirish uchun 6,5 mln hujjatni o‘z ichiga olgan “O‘zbek tili korpusi” ma’lumotlar to‘plamini shakllantirdi. Bu haqda vazir Sherzod Shermatov 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qilgan ma’ruzasida ma’lum qildi.

Qonunchilik palatasida vazirlikning O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha hisoboti eshitildi. Unda 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi texnologiyalarni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga joriy etish, milliy hisoblash infratuzilmasini shakllantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari yoritildi.

Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyida “Elektron hukumat” tizimining ma’lumotlar markazida umumiy qiymati $24 mln bo‘lgan zamonaviy hisoblash infratuzilmasi ishga tushirilgan.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasi ehtiyojlari uchun 16 ta HGX H200 grafik kartasidan iborat alohida kichik klaster ishga tushirildi. Tibbiyot va ta’lim loyihalarini amalga oshirish uchun $8 mlnlik server uskunalarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma ham tuzilgan.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sun’iy intellekt sohasida 100 dan ortiq loyihani amalga oshirish boshlangan. Ular raqamli hukumat, jamoat xavfsizligi, kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy soha, qishloq xo‘jaligi va ekologiya yo‘nalishlarini qamrab oladi.

“O‘zbek tili korpusi” milliy ma’lumotlar to‘plami 6,5 mln hujjat, 6,1 mlrd so‘z va 20 mlrd tokendan iborat.

“5 million sun’iy intellekt yetakchilari” (5 Million AI Leaders) dasturi doirasida 1,6 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik ta’lim olib, sertifikatga ega bo‘lgan. Joriy o‘quv yilidan maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha 7 ta, oliy ta’lim muassasalarida esa 3 ta o‘quv qo‘llanmasi joriy etilgan. Bundan tashqari, mahalliy universitetlar huzurida 3 ta AI laboratoriyasi faoliyat boshlagan.

Oxford Insights tashkilotining 2025-yilgi hukumatlarning sun’iy intellektni joriy etishga tayyorligi indeksida O‘zbekiston 195 ta mamlakat orasida 62-o‘rinni egallagan. Ikki yil avval e’lon qilingan oldingi reyting bilan taqqoslaganda, mamlakat 8 pog‘onaga ko‘tarilgan.

Sun’iy intellekt loyihalari ustida ishlayotgan IT Park rezidentlari soni 240 taga yetgan. Ular yil boshidan buyon 895 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatgan, eksport hajmi esa $75 mln ni tashkil etgan.

Deputatlar sohada hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator tizimli masalalarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, yil oxirigacha ishlayotgan serverlar sonini 24 taga, grafik kartalar sonini esa 192 taga yetkazish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 2027-yilda quvvati 7 eksaflopsdan yuqori bo‘lgan yangi hisoblash klasterini ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Oliy ta’lim muassasalaridagi AI laboratoriyalari sonini 21 taga yetkazish va ularning faoliyatini amaliy sohaviy vazifalar bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Ilmiy tashkilotlar, startaplar va hududiy texnologik maslahatchilarning GPU klasterlari hamda katta hajmdagi ma’lumotlar bazalaridan imtiyozli foydalanishini ta’minlash ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritildi.

Muhokama davomida deputatlar 2027-yil 1-fevralga qadar ai.gov.uz platformasida sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlarning Yagona reyestrini ishga tushirish va uni davlat xaridlari portali bilan integratsiya qilishni tavsiya etdi.

Shuningdek, “O‘zbek tili korpusi”ni yetakchi xalqaro kompaniyalarga taqdim etish va ochiq foydalanish uchun joylashtirish taklif qilindi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro savdo hajmini $500 mlngacha yetkazishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro savdo hajmini $500 mlngacha yetkazishni rejalashtirmoqda
OKMKga davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi
/
OKMKga davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi
O‘zbekistonda chet el avtomobillarining mamlakatda bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirilishi mumkin
/
O‘zbekistonda chet el avtomobillarining mamlakatda bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirilishi mumkin