O‘zbekistonda so‘mdagi omonatlar daromadliligi oktabrda 17,1% gacha pasaydi
Aholi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha stavka ketma-ket uchinchi oy 18,4% darajasida saqlanib qoldi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi oktabr oyida 17,1% ni tashkil etdi. Bu sentabr oyiga nisbatan 0,1% punktga, 2025-yil oktabriga nisbatan esa 1,9% punktga kam. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir yilgacha bo‘lgan muddatli so‘m omonatlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 15,2% ni tashkil etdi. Bu bir oyda 1% punktga oshgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 2,4% punktga past. Bir yildan ortiq muddatli omonatlar daromadliligi esa 17,7% gacha tushdi. Bu sentabrga nisbatan 0,4% punktga, yillik hisobda 1,8% punktga kam.
Aholi omonatlari bo‘yicha stavkalar
Jismoniy shaxslarning so‘mdagi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi ketma-ket uchinchi oy 18,4% darajasida saqlanib qoldi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich bir yil ichida 2,5% punktga pasaygan.
Bir yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlar bo‘yicha stavkalar bir oyda 1,8% punktga oshib, 17,4% ga yetdi. Uzoq muddatli omonatlar daromadliligi esa 0,2% punktga pasayib, 18,6% ni tashkil etdi.
Inflyatsion kutilmalar hisobga olingan real foiz stavkasi oktabrda 8,5% gacha tushdi. Bu sentabr oyiga nisbatan 0,4% punktga kam, biroq 2025-yil oktabridagi darajadan 0,3% punktga yuqori.
Biznes uchun depozitlar daromadliligi oshdi
Yuridik shaxslar uchun so‘mdagi omonatlarning o‘rtacha foiz stavkasi oktabrda 15,7% ni tashkil etdi. Bu sentabrga nisbatan 0,7% punktga ko‘p, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 1,4% punktga kam.
Bir yilgacha muddatga joylashtirilgan depozitlar bo‘yicha stavkalar 14,2% ga (+0,9% punkt), bir yildan ortiq muddatli omonatlar bo‘yicha esa 16,5% ga (+0,4% punkt) yetdi. Biroq ushbu ko‘rsatkichlar 2025-yil oktabridagi darajadan mos ravishda 2,1% va 1% punktga pastligicha qolmoqda.
Kutilayotgan inflyatsiyaning pasayishi hisobiga biznes uchun omonatlarning real foiz stavkasi 6,6 foizga yetdi. Bu sentabr oyiga nisbatan 1,3 foiz punktga yuqori va rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Valyutadagi omonatlar stavkalari
Xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi sentabrdagi pasayishdan keyin qisman tiklanib, oktabrda 4,9% ni tashkil etdi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich 2025-yil oktabridagi darajadan 0,2% punktga past.
Qisqa muddatli valyuta hisobvaraqlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 3% ga yetdi.
Jismoniy shaxslarning xorijiy valyutadagi omonatlari daromadliligi 5,3% ni tashkil etdi. Bu bir oyda 0,1% punktga pasaygan. Bunga, asosan, uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalarning 5,6% gacha tushishi sabab bo‘lgan.
Ayni paytda biznes uchun valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi sentabrga nisbatan 1,5% punktga oshib, 4,3% ni tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ