Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 2031-yilgacha $3 mlrd investitsiya kiritishi mumkin
Bank 2027-yilda mamlakatdagi loyihalarga kamida $500 mln yo‘naltirishni rejalashtirmoqda
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) O‘zbekistonga 2031-yilgacha jami $3 mlrd investitsiya kiritishi mumkin. Bu masala 25-noyabr kuni bank boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvda bankning O‘zbekistondagi investitsiya portfelini shakllantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan mamlakat strategiyasi yuzasidan fikr almashildi.
Nikolay Podguzovning ta’kidlashicha, bank 2027-yilda O‘zbekistondagi loyihalarga kamida $500 mln investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Hozirda umumiy investitsiya hajmi $1 mlrddan oshishi mumkin bo‘lgan 10 ta istiqbolli loyiha ko‘rib chiqilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat kafolatisiz moliyalashtirish vositalaridan foydalanish davlatning bevosita qarz yukini oshirmagan holda xususiy va xalqaro kapitalni jalb qilish imkonini beradi.
Tomonlar hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishini belgiladi. Ular transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, suv va energetika barqarorligini mustahkamlash, sanoat va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, raqamlashtirish hamda moliyaviy vositalarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Moliyaviy yo‘nalish doirasida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, eksportni moliyalashtirish, yashil va islomiy moliya vositalarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, uchrashuvda davlat korxonalari va xususiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunda loyihaviy moliyalashtirish va sindikatlashgan kreditlash mexanizmlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston 2025-yilda Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilgan va uning ustav kapitalida 10 foizlik ulush bilan uchinchi yirik aksiyadoriga aylangan. 2026-yil may oyida bank Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochib, mamlakatdagi operatsion faoliyatini boshlagan.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyi oxirida uning jami investitsiya portfeli 348 ta loyihani qamrab olgan. Ularning umumiy qiymati $22,1 mlrdni tashkil etgan. Portfelning asosiy qismini transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalaridagi loyihalar tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ