Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlar uchun $800 mlnlik paketni ma’qulladi
Dastur doirasida 2029–2031-yillarda 275 mingta qo‘shimcha va sifatliroq ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan
Foto: Getty Images
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan $800 mlnlik moliyalashtirish paketini ma’qulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
Mablag‘lar yuqoriroq haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini ko‘proq yaratish, xususiy sektorning rolini kengaytirish, mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish hamda yanada ekologik toza va inklyuziv o‘sish modeliga o‘tishga qaratilgan islohotlar uchun yo‘naltiriladi.
Dastur doirasida asosiy e’tibor hududlardagi xotin-qizlar, fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochishga qaratiladi. Xususan, 2029−2031-yillarda ko‘zlanayotgan chora-tadbirlar natijasida 275 mingta qo‘shimcha va sifatliroq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Jahon bankining ko‘magi hukumatga quyidagi yo‘nalishlarda chora-tadbirlarni amalga oshirishda yordam beradi:
Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlari va ijtimoiy himoya. Ijtimoiy sug‘urta qamrovi (jumladan, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari) kengaytiriladi. Munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirilib, ijtimoiy ish xodimlarining malakasi oshiriladi.
Xususiy sektor raqobatbardoshligi. Davlat korxonalarini isloh qilish va adolatli raqobat tizimini mustahkamlash ishlari davom ettiriladi. Bu xususiy biznesga investitsiya va innovatsiyalarni jalb qilish uchun kengroq yo‘l ochadi.
Raqamli iqtisodiyot. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilgan holda ularni transchegaraviy xavfsiz uzatish qoidalari takomillashtiriladi. Bu korxonalarga bulutli xizmatlar va xalqaro platformalardan faolroq foydalanish imkonini beradi. 2028-yilga borib yana 500 ming foydalanuvchi (shundan 250 ming nafari xotin-qizlar) keng polosali internet bilan ta’minlanadi.
Energetika xizmatlari. Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini tartibga soluvchi qoidalar yangilanib, elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash sohalariga xususiy investitsiyalar jalb qilinadi. 2028-yilgacha elektr iste’molchilarining 15% ga xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Fermer xo‘jaliklari barqarorligi. Dehqon va chorvadorlarni qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va keskin ob-havo hodisalaridan himoya qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi kengaytiriladi. 2028-yilga kelib fermer va chorvadorlarning 35 foizi sug‘urta bilan qamrab olinadi.
Savdoni soddalashtirish. Tashqi savdo uchun “yagona darcha” tizimi mustahkamlanadi, chegara va savdo tartib-taomillari raqamlashtiriladi. Mazkur choralar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi va Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Ekologik toza va energiya tejamkor rivojlanish. Binolarning energiya samaradorligi standartlari yangilanadi va korxonalarga ekologik toza texnologiyalarga sarmoya kiritish uchun rag‘batlar beriladi. 2028-yilga borib energiya samaradorligini oshirishga $10 mln xususiy investitsiya jalb qilish hamda taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 3000 MVtgacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq bank Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini kuchaytirish dasturi uchun $100 mln miqdorida kredit ajratishni ma’qullagandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ