Jahon banki Samarqand viloyatida tibbiyotni rivojlantirish uchun $100 mln ajratadi
Dastur doirasida 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish va 6,4 ming nafar tibbiyot xodimini o‘qitish rejalashtirilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Dastur doirasida 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish, raqamli tibbiy xizmatlarni kengaytirish va aholi salomatligini boshqarish vositalarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Xususan, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini aniqlash maqsadida 330 ming nafarga yaqin katta yoshli aholini skriningdan o‘tkazish hamda 250 ming nafar bemorni muntazam tibbiy kuzatuvga olish rejalashtirilgan.
Loyihaning yana bir yo‘nalishi tibbiyot xodimlarini tayyorlashdan iborat. Dastur doirasida 6,4 ming nafardan ortiq mutaxassisni o‘qitish va sertifikatlash mo‘ljallangan. Ularning qariyb 1 250 nafari oilaviy shifokorlar, 5 ming nafari esa hamshiralar bo‘ladi.
SHIFO-1 dasturini Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar amalga oshiradi. Loyiha 2028-yil dekabrigacha mo‘ljallangan bo‘lib, uning umumiy qiymati $525 mlnni tashkil etadi. Shundan $425 mln O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.
Jahon banki baholashiga ko‘ra, dastur doirasida aholi salomatligini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirish natijasida qo‘shimcha 28,8 mingta ish o‘rniga teng bandlik imkoniyatlari yaratilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ