O‘zbekistonda 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi Rossiya bankidan yangi kreditorga o‘tkazildi

$37 mlnlik loyihani moliyalashtirishda sanksiyalar va kredit foiz stavkalarining oshishi sabab qiyinchiliklar yuzaga kelgan

O‘zbekistonda 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi Rossiya bankidan yangi kreditorga o‘tkazildi

O‘zbekistonda 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilishga qaratilgan $37 mlnlik loyihani moliyalashtirish uchun Rossiya banki o‘rniga yangi kreditor jalb qilindi. Bunga Rossiyaga nisbatan sanksiyalar va kredit foiz stavkalarining oshishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev 11-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan Hukumat soatida ma’lum qildi.

Xalq demokratik partiyasi deputati Imomnazar Tursunov 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan suv xo‘jaligi sohasidagi investitsiya loyihalarining ijrosiga e’tibor qaratdi. U taqdim etilgan jadvalda ayrim loyihalar bo‘yicha hali bir so‘m ham o‘zlashtirilmagani ko‘rsatilganini qayd etdi.

Deputat, xususan, 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilishga mo‘ljallangan $37 mlnlik loyiha hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi 110 ta nasos stansiyasini yangilash loyihasi nima sababdan kechikayotgani va ularni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun qanday choralar ko‘rilayotganini so‘radi.

Shavkat Hamrayev 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasining moliyalashtirish shartlari o‘zgartirilganini bildirdi. Uning aytishicha, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar va kredit foizlarining oshishi dastlabki moliyalashtirish jarayonida qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan.

«95 ta nasos stansiyasining modernizatsiyasi kechikishiga Rossiyaga nisbatan sanksiyalar va foiz stavkalarining oshishi sabab bo‘ldi. Shuning uchun $37 mlnlik loyihani Rossiya bilan emas, yangi bank bilan amalga oshiradigan bo‘ldik», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi moliyaviy hamkor 4% li kredit taklif qilmoqda. Biroq vazir bank nomini ochiqlamadi. Loyihani amalga oshirish ishlari kelgusi yilga rejalashtirilgan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi 110 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha esa hozirda tender jarayonlari davom etmoqda. Vazir ushbu loyihani 2027-yilda va 2028-yilning birinchi yarmida to‘liq yakunlash rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Hamrayev loyihalar samarali va sifatli amalga oshirilishi, ishlar ajratilgan mablag‘lar doirasida bajarilishini ta’kidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Saida Mirziyoyeva Kanada elchisi bilan viza tartiblarini yengillashtirish masalasini muhokama qildi
/
Saida Mirziyoyeva Kanada elchisi bilan viza tartiblarini yengillashtirish masalasini muhokama qildi
Oʻzbekistonda Oʻmon ishtirokida yangi bank tashkil etish rejalashtirilmoqda
/
Oʻzbekistonda Oʻmon ishtirokida yangi bank tashkil etish rejalashtirilmoqda
Yevropa Ittifoqi Wildberries asoschisi va 100 dan ortiq kompaniyaga sanksiya kiritdi
/
Yevropa Ittifoqi Wildberries asoschisi va 100 dan ortiq kompaniyaga sanksiya kiritdi