Oʻzbekistonda Oʻmon ishtirokida yangi bank tashkil etish rejalashtirilmoqda
Tomonlar ramka kelishuvini imzoladi, shuningdek, UzOman investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki baravar — $500 mlngacha oshirishga kelishib oldi
O‘zbekiston Oʻmon tomoni ishtirokida yangi tijorat bankini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Tegishli ramka kelishuvi Prezident Shavkat Mirziyoyev va Oʻmon sultoni Haytham bin Tariq Ol Saidning Maskat shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida imzolangan hujjatlar to‘plamidan o‘rin oldi. Bu haqda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi haqidagi xabarda ma’lum qilindi.
Alohida kelishuv O‘zbekistonda Oʻmon tomoni ishtirokida yangi tijorat bankini tashkil etishni nazarda tutadi. Bo‘lajak moliya tashkilotining nomi, ustav kapitali miqdori va faoliyatini boshlash muddatlari hozircha ma’lum qilinmagan.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston–Oʻmon investitsiya kompaniyasi UzOman ustav kapitalini ikki baravar — $500 mlngacha oshirishga kelishib oldi. Ushbu mablag‘larni qo‘shma loyihalarni ilgari surishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Oʻmon kapitali ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamg‘armasini tezroq ishga tushirish muhimligini ta’kidladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar strategik sheriklik munosabatlariga o‘tishga kelishib oldi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish va muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ