Yevropa Ittifoqi Wildberries asoschisi va 100 dan ortiq kompaniyaga sanksiya kiritdi
Cheklovlar Ozon aksiyadori Aleksandr Chachava, “Yunistrim”, “YuMoney” to‘lov xizmatlari va Rossiya banklariga nisbatan joriy etildi
Yevropa Ittifoqi Kengashi 2026-yil 16-noyabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga 12 nafar jismoniy va 101 ta yuridik shaxsni kiritdi. Ular orasida Wildberries asoschisi Tatyana Kim, investor Aleksandr Chachava, to‘lov xizmatlari hamda moliya va energetika sektori korxonalari bor. Tegishli qaror Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilindi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga Wildberries asoschisi Tatyana Kim ham kiritildi. Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, marketplace Rossiya armiyasi uchun harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan tovarlar yetkazib berilishiga ko‘maklashadi. Shuningdek, kompaniya sanksiyalar ostidagi VTB banki bilan bog‘liq.
Ro‘yxatdan “Yandeks” investori va Ozon kompaniyasining sobiq yirik aksiyadori Aleksandr Chachava ham joy oldi. Cheklovlar “Megalit-Oxta Grupp” qurilish kompaniyasining hammuassisi, Rossiya Federatsiyasi Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning o‘g‘li Sergey Matviyenkoga nisbatan ham joriy etildi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning o‘nlab moliya tashkilotlariga sanksiyalar kiritdi. Ular orasida “YuMoney” to‘lov xizmati, “Yunistrim” banki, “Gaztransbank”, “SPB Bank”, “Databank”, “Tenderbank” va “Pervouralskbank” bor.
Cheklovlar neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati korxonalariga ham taalluqli bo‘ldi. Sanksiyalar ro‘yxatiga Moskva, Kirishi, Xabarovsk, Saratov, Ily va NovoShaxtinsk neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, “Gazprom neftxim Salavat”, Peterburg neft terminali, “Rusximalyans” va “Rusgazdobycha” kompaniyalari kiritildi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslarning Yevropa Ittifoqi hududidagi aktivlari muzlatiladi. Yevropa fuqarolari va kompaniyalariga ularga bevosita yoki bilvosita mablag‘ hamda iqtisodiy resurslar taqdim etish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslarga nisbatan esa Yevropa Ittifoqi hududiga kirish va uning hududi orqali tranzit qilish taqiqi ham amal qiladi.
Rossiyaga qarshi avvalgi, 21-sanksiyalar paketi 2026-yil iyul oyida qabul qilingan edi. O‘shanda moliya, energetika, transport va harbiy-sanoat sektorlari bilan bog‘liq 218 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan cheklovlar joriy etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ