Jahon banki O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $100 mln ajratadi
Loyiha doirasida 60 ta podstansiya modernizatsiya qilinib, kamida 3,3 GVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa ulash imkoniyati yaratiladi
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimining samaradorligi va ishonchliligini oshirish uchun $100 mln miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar “Elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish” dasturiga yo‘naltiriladi. Loyiha elektr tarmoqlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini qabul qilish va iste’molchilarga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Dastur Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida moliyalashtiriladi. OTB 2026-yil 30-sentabrda loyiha uchun $200 mln miqdorida qarz ajratishni ma’qullagan. Jahon banki krediti va davlat budjetidan ajratiladigan $71 mln bilan birga dasturning umumiy moliyalashtirish hajmi $371 mlnni tashkil etadi.
Loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab 60 ta asosiy podstansiyani modernizatsiya qilish va raqamlashtirish rejalashtirilgan. Bu elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish hamda ta’minot ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2031-yilga borib modernizatsiya qilingan podstansiyalarda elektr energiyasining yillik yo‘qotishlari 20 ming MVt·soatga kamayadi. Shuningdek, kamida 3,3 GVt quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmog‘iga integratsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
Dastur natijasida har yili qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentidagi issiqxona gazlari chiqindilarining oldi olinishi kutilmoqda.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, modernizatsiya qilingan energetika infratuzilmasi obyektlari ishga tushirilganidan keyingi besh yil davomida loyiha qariyb 11,7 mingta qo‘shimcha sifatli ish o‘rni yaratilishiga yordam beradi.
Loyihani “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ amalga oshiradi. Dastur kompaniyaning moliyaviy boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya etishni yaxshilash hamda bandlik sohasida gender tengligini ta’minlash choralarini ham qamrab oladi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasinning ta’kidlashicha, ishonchli elektr ta’minoti aholining kundalik hayoti, yangi ish o‘rinlarini yaratish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va iqtisodiy o‘sish uchun muhim ahamiyatga ega.
Uning qayd etishicha, OTB bilan hamkorlik O‘zbekiston elektr energetikasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bilan birga, moliyaviy resurslardan samarali foydalanishga ham yordam beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ