IMAN Holding $20 mln zarar haqidagi ma’lumotni rad etdi

Kompaniya bu raqam uchta alohida moliyaviy ko‘rsatkichni noto‘g‘ri talqin qilish natijasida yuzaga kelganini bildirdi

IMAN Holding $20 mln zarar haqidagi ma’lumotni rad etdi

IMAN Holding 25-oktabr kuni sobiq hamkor tomonidan bildirilgan da’volarga munosabat bildirdi. Kompaniya investorlar mablag‘laridan foydalanishda qariyb $20 mln kamomad aniqlangani haqidagi ma’lumotni noto‘g‘ri talqin deb atadi.

Avvalroq o‘zini IMAN Holding islomiy moliya kengashi raisi sifatida tanishtirgan Mahmud Usmon ichki tekshiruv davomida investorlar mablag‘laridan foydalanishda qoidabuzarliklar aniqlanganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim operatsiyalar islomiy moliya tamoyillariga ham mos kelmagan. U hujjatlarda qariyb $70 mlnlik portfel bo‘yicha taxminan $20 mln kamomad qayd etilganini aytgan.

IMAN Holding esa bu talqinga qo‘shilmaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, tilga olingan summa uchta alohida moliyaviy ko‘rsatkichni birlashtirish natijasida yuzaga kelgan. Ularni bevosita zarar sifatida baholash noto‘g‘ri.

Kompaniya $20 mln bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni qanday izohladi?

IMAN Holding birinchi ko‘rsatkich sifatida zaxiralar bilan qoplanmagan muammoli qarzlar bo‘yicha $3,5 mlnlik riskni keltirdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 1-oktabr holatida portfeldagi bunday qarzlar ulushi 6,5 foizni tashkil etgan. 31,91 mlrd so‘mlik zaxiralar hisobga olinganda, tegishli ko‘rsatkich $3,5 mlnni tashkil qilgan.

Ikkinchi ko‘rsatkich — boshqaruv kompaniyasining investitsiya fondi oldidagi $2,97 mln qarzi. Kompaniya tushuntirishicha, bu qarz boshqaruv tashkilotining joriy xarajatlari fond mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgani sababli yuzaga kelgan.

IMAN Holding bu operatsiyalar avval amal qilgan ofertalar, jumladan, IFCB tomonidan tasdiqlangan 2025-yil 28-yanvardagi oferta shartlariga muvofiq amalga oshirilganini bildirdi. Kompaniya bu amaliyot iyul oyida to‘xtatilganini, mablag‘lar esa noyabrdan boshlab olti oy ichida qaytarilishini ma’lum qildi.

Uchinchi ko‘rsatkich — 140,75 mlrd so‘mlik ortiqcha kapital. Avvalgi videomurojaatda barcha investorlar bir vaqtning o‘zida mablag‘larini qaytarishni so‘rasa, ularga pullarni to‘liq qaytarish imkonsiz bo‘lishi aytilgan edi.

IMAN Holding ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatida nasiyaga sotuvlar portfeli 1 105 778 629 924 so‘mni, investorlar portfeli esa 965 024 883 309 so‘mni tashkil etgan. Kompaniya shu raqamlarga asoslanib, moliyaviy kamomad mavjud emasligini ta’kidlamoqda.

Hozircha tomonlardan birining pozitsiyasini tasdiqlaydigan mustaqil xulosa mavjud emas.

Kompaniya avtomobillar bilan bog‘liq da’volarga ham izoh berdi

Da’volarning bir qismi fond bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan xarid qilingan ikkita avtomobilga taalluqli bo‘lgan.

2026-yil aprel oyida qiymati qariyb $128 ming bo‘lgan Mercedes-Benz S500 avtomobili xarid qilingan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil fond foydasiga ijara daromadi olish maqsadida kompaniya asoschisi Rustam Rahmatovga ijaraga berish uchun sotib olingan. Ijara haqi bozor stavkasi asosida belgilangan.

Keyinchalik tekshiruv natijasida ushbu bitim islomiy moliya tamoyillariga mos kelmaydi, degan xulosaga kelingan. 12-avgust kuni avtomobil sotilgan, uning qiymati va ijara to‘lovlari to‘liq qaytarilgan.

Ikkinchi avtomobil — BYD Champion — 2023-yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilingan. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 2025-yil may oyidan keyin texnik sabablarga ko‘ra avtomobil uchun to‘lovlar to‘xtab qolgan. 31-iyul kuni Rahmatov qolgan qarzni muddatidan oldin va to‘liq to‘lagan. To‘langan summa 366,9 mln so‘mdan oshgan.

Kompaniya boshqa e’tirozlarga ham munosabat bildirib, aniqlangan kamchiliklarning aksariyati o‘z vaqtida bartaraf etilganini, ayrim masalalar esa hali ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

IMAN Holding boshqaruv tizimini o‘zgartiradi

Kompaniya bayonotida boshqaruv bo‘yicha bir qator qarorlar ham keltirilgan. Unga ko‘ra:

  • kompaniyaning kundalik boshqaruvi yangi mutaxassislarga topshiriladi, Rustam Rahmatov esa kuzatuv kengashiga o‘tadi;
  • kompaniya tarkibida uch nafar olimdan iborat shariat kengashi tuziladi;
  • mustaqil moliyaviy auditorlar jalb qilinadi.

Mazkur choralar kompaniyaning boshqaruv tizimini qayta tashkil etish va moliyaviy faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jahon banki O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $100 mln ajratadi
/
Jahon banki O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $100 mln ajratadi
Suv omborlari atrofida turizmni rivojlantiruvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
/
Suv omborlari atrofida turizmni rivojlantiruvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi loyihalarga 2 mlrd so‘m ajratiladi
/
O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi loyihalarga 2 mlrd so‘m ajratiladi