O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi loyihalarga 2 mlrd so‘m ajratiladi
Kelgusi yilda tanlovda g‘olib bo‘lgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi
O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan eng yaxshi 10 ta loyiha uchun jami 2 mlrd so‘m grant ajratiladi. Har bir loyiha muallifiga 200 mln so‘mdan beriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan tashqari, mamlakatda “Yangi O‘zbekiston tibbiyoti standartlari” nomli tibbiy xizmat ko‘rsatishning yangi standartlari joriy etiladi. Ular mutaxassislarni tayyorlash, tibbiyot muassasalarini qurish, sanitariya-gigiyena sharoitlari, bemorlar xavfsizligi va tibbiyot xodimlarining xizmat ko‘rsatish madaniyatini qamrab oladi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, odamlar poliklinikalarga tashrif buyurganida tozalik, tartib va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish madaniyatini ko‘rishi kerak. Shu munosabat bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xodimlari bosqichma-bosqich bepul maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlanadi.
Shifokorlar elektromobillar bilan rag‘batlantiriladi
2026-yilda ilk bor tuman miqyosidagi eng yaxshi shifokorlar va hamshiralar o‘rtasida viloyat tanlovlari o‘tkazilmoqda. G‘oliblarga 30 mln so‘mdan mukofot beriladi.
Kelgusi yilda rag‘batlantirish tizimi kengaytiriladi. Tanlovning viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi.
Kasalliklarni erta aniqlash dasturlari kengaytiriladi
O‘zbekistonda onkologik va boshqa kasalliklarni erta aniqlash dasturlari ham davom ettiriladi.
Oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini skrining orqali aniqlash uchun har yili 700 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan. Dastur Samarqand viloyatida boshlanadi, 2028-yildan esa mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi.
Shuningdek, qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollarda uchraydigan o‘smalar hamda bolalardagi onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash dasturlari davom ettiriladi.
Infarkt va insultga qarshi kurash uchun 280 mlrd so‘m ajratiladi
Infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari, Samarqand viloyati hamda Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda. Dasturning besh oylik natijalariga ko‘ra, ushbu kasalliklar tufayli erta o‘lim holatlari 15 foizga kamaygan.
“ Oltin soat” deb ataladigan davrda 855 kishini bevaqt o‘lim va nogironlikdan saqlab qolishga erishilgan. Kelgusi yilda dastur uchun 280 mlrd so‘m ajratiladi va uning qamrovi mamlakatning barcha tuman va shaharlariga kengaytiriladi.
Bundan tashqari, kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi ham kengaytiriladi. Kelgusi yilda bepul beriladigan dori vositalari turlari 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turlari esa 36 taga yetkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ