O‘simlik yog‘larini majburiy markirovkalash 2027-yil 1-iyuldan boshlanadi — Soliq qo‘mitasi
Hozirda olti oylik tajriba-sinov loyihasi o‘tkazilmoqda. Uning doirasida markirovka kodlari ishlab chiqaruvchilarga bepul taqdim etiladi
Фото: Kapital.uz
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda o‘simlik yog‘larini majburiy raqamli markirovkalash asossiz joriy etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlarni markirovkalash bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.
Prezidentning 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-son farmonida o‘simlik yog‘larini raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini o‘tkazish vazifasi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi 23-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan olti oylik tajriba-sinov loyihasi o‘tkazilmoqda. O‘simlik yog‘larini majburiy raqamli markirovkalashni esa 2027-yil 1-iyuldan boshlash rejalashtirilgan.
Tajriba-sinov davomida ishlab chiqaruvchilarning xarajatlari baholanadi, maqbul texnologiya va uskunalar tanlanadi, texnik muammolar aniqlanadi. Shuningdek, markirovkaning mahsulot tannarxi va chakana narxlarga ta’siri o‘rganiladi. Loyiha ishtirokchilariga markirovka kodlari bepul beriladi.
Loyiha yakunida iqtisodiy hisob-kitoblar, aniqlangan muammolar va tadbirkorlarning takliflari umumlashtiriladi. Ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va iste’molchilar manfaatlarini hisobga olgan holda Vazirlar Mahkamasiga tegishli xulosa va takliflar kiritiladi.
O‘zbekistonda qaysi mahsulotlar majburiy markirovkalanadi?
Hozirda O‘zbekistonda oltita tovar guruhi uchun majburiy raqamli markirovkalash tizimi joriy etilgan. Ular alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika, dori vositalari, suv va salqin ichimliklarni o‘z ichiga oladi.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunida ushbu mahsulotlar tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 20 foizga oshgan. Chakana savdoda kassa cheklari taqdim etilishi ko‘rsatkichi so‘nggi uch yilda yiliga o‘rtacha 50 foizga, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 23 foizga oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ