O‘zbekistonda aksiya va chegirmalarni QR-kod orqali nazorat qilish taklif etilmoqda
Raqobat qo‘mitasi 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 116 ta aksiyani o‘rganib, 65 ta muammo aniqladi
O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi aksiya hamda chegirmalarni raqamli nazorat qilish mexanizmlari ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 116 ta aksiya va chegirma o‘rganilib, 65 ta muammo va kamchilik aniqlangan. Ayrim hollarda e’lon qilingan chegirmalar amalda boshqacha qo‘llanilgan, aksiya shartlari to‘liq tushuntirilmagan yoki g‘oliblarga va’da qilingan sovrinlar berilmagan.
Jumladan, Andijon viloyatida “Water Life Mineral” MCHJ tomonidan o‘tkazilgan “Orzu ushalsin” aksiyasida uch nafar ishtirokchiga jami 60 mln so‘m berilmagan. Holat yuzasidan tadbirkorga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilar huquqlari buzilgani bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan va ko‘rsatma berilgan.
Namangan viloyatida esa fuqaro “Namangan avtotexxizmat” MCHJ aksiyasida Chevrolet Cobalt avtomobilini yutib olgan. Biroq telefon raqami noto‘g‘ri terilgani sababli g‘olib bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagan. Natijada uning yutug‘i bekor qilinib, avtomobil boshqa shaxsga berilgan. Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng mashina haqiqiy g‘olibga qaytarilgan.
Shuningdek, Namangandagi “Baldini” do‘konida 50% lik chegirma e’lon qilinganiga qaramay, mahsulotlarda narxnomalar bo‘lmagan.
Buxoro shahridagi “IDEA” do‘konida esa 20, 50 va 60 foizlik chegirmalar mahsulotning umumiy narxiga emas, balki muddatli to‘lovning oylik to‘lovlariga qo‘llanilgan.
Samarqand viloyatida “Samarqand Avtotexxizmat” MCHJning avtomobil xarid qilgan mijozlarga maishiy texnika sovg‘a qilish aksiyasi ham o‘rganilgan. Aksiya shartlariga ko‘ra, sovg‘a faqat Chevrolet avtomobili uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilgan xaridorlarga berilgan. Muddatli to‘lov asosida avtomobil olganlar va yuridik shaxslar aksiyadan chetda qolgan.
O‘rganish natijasida reklama, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va chakana savdo qoidalari buzilgani aniqlanib, korxonaga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Qashqadaryo viloyatida “IDEA” brendi tomonidan smartfonlarni bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish bo‘yicha e’lon qilingan aksiyalarda ham kamchiliklar aniqlangan. Xususan, reklamada aksiyaga qo‘yilgan mahsulotlar soni, ularning avvalgi 30 kun ichidagi eng past narxlari hamda “1+1” aksiyasida qo‘shimcha qanday mahsulot berilishi ko‘rsatilmagan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan 65 ta kamchilikning 59 tasi, ya’ni 90,7 foizi huquqiy tushuntirishlar va ogohlantirish xatlari orqali bartaraf etilgan. To‘rtta tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, iste’molchilar foydasiga 250 mln so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
O‘rganishlar natijasida Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni raqamli nazorat qilish bo‘yicha yangi mexanizmlarni taklif etmoqda.
Takliflardan biriga ko‘ra, xaridor mahsulot yonidagi QR-kodni skanerlab, uning avvalgi narxlari va chegirmaning haqiqiy miqdorini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, aksiya boshlanishidan avval uning shartlarini maxsus elektron tizimga kiritish hamda mahsulot narxining o‘zgarish tarixini raqamlashtirish taklif qilinmoqda.
Qo‘mita bu orqali aksiya va chegirmalar shaffofligini oshirish, xaridorlarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni maqsad qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ