Kelasi yildan O‘zbekistonda 14 nafar eng yaxshi shifokorga elektromobil beriladi
Bundan tashqari, saratonni erta aniqlash dasturlariga yiliga 700 mlrd so‘m ajratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Prezident oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash ishlari Samarqanddan boshlanib, 2028-yildan barcha hududlarda joriy etilishini ma’lum qildi. Bunga yiliga 700 mlrd so‘m ajratiladi.
Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi o‘smalar hamda bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari ham davom ettiriladi.
Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Toshkent shahrida infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi natijasida ushbu kasalliklardan erta o‘lim besh oyda 15% ga kamaydi. Kasallik boshlanishidagi “oltin soat”da 855 nafar inson erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolindi. Kelasi yil dasturga 280 mlrd so‘m ajratilib, barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi.
Aholi uchun kafolatlangan paket ham kengaytiriladi. Kelasi yil bepul dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkaziladi.
Davlat rahbari sohada ta’lim, qurilish va sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi hamda xodimlar madaniyatini qamrab oladigan “Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari” joriy etilishini ma’lum qildi.
Har qanday inson poliklinikaga kirganda, avvalo, ozodalikni, tartibni, madaniyatni ko‘rishi kerak, dedi prezident.
Shu bois, birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul ta’minlanadi.
Joriy yil ilk bor tuman bo‘g‘inidagi eng yaxshi shifokor va hamshira nominatsiyalari bo‘yicha viloyat tanlovlari o‘tkazilmoqda. G‘oliblar 30 mln so‘mdan mukofotlanadi.
Kelasi yil rag‘bat yanada kuchaytiriladi: viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladigan eng yaxshi o‘nta loyiha muallifiga 200 mln so‘mdan grant beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ