O‘zbekfilm hududida 10 gektarlik kino shaharchasi tashkil etiladi
Loyihada zamonaviy dublyaj va ovozlashtirish markazi, milliy onlayn kinoplatforma qurish kabi ishlar nazarda tutilgan
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, “O‘zbekfilm”ning 10 gektarli hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster — “O‘zbekfilm kino shaharchasi” tashkil etiladi.
Shaharcha hududida Dolby Atmos texnologiyasi asosida ovoz studiyasi bilan jihozlangan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi quriladi hamda mahsulotlarni monetizatsiya qilish imkonini beruvchi milliy onlayn kinoplatforma ishlab chiqiladi.
Shuningdek, malakali loyiha tashkilotini jalb etgan holda shaharchaning master-rejasi va loyiha-smetasi ikki oy muddatda tayyorlanishi, qurilish ishlari esa kelgusi yilning mart oyidan boshlanishi belgilandi. Shu bilan birga, kino tizimidagi bo‘sh turgan davlat aktivlarini ochiq savdoga chiqarish topshirildi.
Bundan tashqari, kino yaratishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha bir oyda hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi. Unda soha uchun yangi ta’lim dasturlarini tayyorlash, mutaxassislarni o‘qitish va ularning xorijda malakasini oshirish masalalari ko‘zda tutiladi.
Avvalroq kino ishlab chiqarishga ajratiladigan budjet 218 mlrd so‘mga yetgani haqida xabar berilgandi. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 10 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ