Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda ishlay boshladi

Apple Wallet’da mahalliy sakkizta bankning kartalarini ulash imkoniyati paydo bo‘ldi

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda ishlay boshladi

O‘zbekistonda foydalanuvchilar bank kartalarini Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlariga ulashni boshladi. Kartalarni xizmatlarga biriktirish imkoniyati 27-oktyabr kuni paydo bo‘ldi. Google Pay’ning mamlakatda ishga tushirilgani haqida esa bundan bir hafta avval ma’lum qilingan edi.

Apple Pay ishga tushganining dalillaridan biri Apple Wallet ilovasida kartalarini ulash mumkin bo‘lgan mahalliy banklar ro‘yxati paydo bo‘lganidir. Unga Uzum, Orient Finans Bank, O‘zbekiston Milliy banki, Kapitalbank, Hamkorbank, Ipak Yo‘li Bank, TBC Bank va Octobank kiritilgan.

Ro‘yxatdagi banklarning aksariyati Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Uzum va Hamkorbank uchun esa faqat Visa kartalari ko‘rsatilgan.

Biroq bankning ro‘yxatda mavjudligi uning barcha kartalarini xizmatga ulash mumkinligini anglatmaydi. Xizmatdan foydalanish imkoniyati muayyan karta turiga bog‘liq. Shu sababli Apple qo‘shimcha ma’lumot olish uchun bevosita bankka murojaat qilishni tavsiya etadi.

Apple Pay ishga tushganini ATTO transport kartasini Apple Wallet’ga qo‘shishga urinishda paydo bo‘ladigan bildirishnoma ham ko‘rsatadi. Ilova O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalarini ulash mumkinligi haqida xabar beradi.

Google Pay O‘zbekistonda ishga tushirilganini 19-oktyabr kuni e’lon qilgan edi. Biroq mahalliy banklar kartalarini Google Wallet’ga amalda ulash imkoniyati 27-oktyabr kuni paydo bo‘ldi.

Hozirda Google Wallet O‘zbekistondagi to‘qqizta bankni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bular — AVO Bank, Octobank, Uzum Bank, TBC Bank, Aloqabank, Kapitalbank, Ipak Yo‘li Bank, O‘zbekiston Milliy banki va Orient Finans Bank.

Kartani ilovaga qo‘shgandan so‘ng foydalanuvchilar Android operatsion tizimida ishlaydigan mos smartfonlar va boshqa qo‘llab-quvvatlanadigan qurilmalar yordamida kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. Google Wallet bank kartalaridan tashqari elektron chiptalar, transport kartalari va sodiqlik kartalarini saqlash uchun ham mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, material tayyorlangan vaqtda Apple kompaniyasining rasmiy saytida Apple Pay ishlaydigan mamlakatlar ro‘yxatiga O‘zbekiston hali kiritilmagan edi. Google esa Google Wallet va kontaktsiz to‘lovlar mavjud bo‘lgan bozorlar qatorida O‘zbekistonni ko‘rsatmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kelasi yildan O‘zbekistonda 14 nafar eng yaxshi shifokorga elektromobil beriladi
/
Kelasi yildan O‘zbekistonda 14 nafar eng yaxshi shifokorga elektromobil beriladi
Misr o‘zbekistonliklar uchun yangi kirish qoidalarini joriy etishni 2027-yil martigacha kechiktirdi
/
Misr o‘zbekistonliklar uchun yangi kirish qoidalarini joriy etishni 2027-yil martigacha kechiktirdi
O‘zbekiston 2030-yilgacha islomiy moliyani rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqdi
/
O‘zbekiston 2030-yilgacha islomiy moliyani rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqdi