O‘zbekistonda $1 mlrdlik 330 ta farmatsevtika korxonasi ishga tushirildi
Hukumat mamlakatning dori-darmonlarga bo‘lgan ehtiyojining 70 foizini mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplashni rejalashtirmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan 330 ta yangi farmatsevtika ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan tashqari, mamlakatdagi farmatsevtika klasterlari va erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan loyihalarga $1,2 mlrd investitsiya to‘g‘ri keladi.
Soha rivojini jadallashtirish maqsadida “Toshkent biopharm city” klasteri, shuningdek, Andijon, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida farmatsevtika yo‘nalishidagi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan. Hukumat mahalliy ishlab chiqarish hisobidan mamlakatning farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojining 70 foizini qoplashni rejalashtirmoqda.
Bu rejalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda tibbiyotda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Raqamli yechimlar davlat va xususiy klinikalar, shuningdek, dorixonalarda joriy etilmoqda. Keyingi bosqichda sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan. U shifokorlar va hamshiralar faoliyatida yordamchi vosita bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Prezident ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda 10 mln kishiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi poliklinika va shifoxonalar foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, statsionar davolanish uchun 58 mingta yangi o‘rin yaratilgan.
Tibbiyot infratuzilmasining rivojlanishi va xususiy sektorning kengayishi natijasida mamlakatda tibbiy xizmatlar hajmi uch baravar oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ