Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni joriy etishi mumkin

Tashabbus viza rasmiylashtirishdagi kechikishlarni bartaraf etish va sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni joriy etishi mumkin

Tailand rasmiylari O‘zbekiston, Kolumbiya va Meksika fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etishni taklif qildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligiga tayanib, The Nation nashri xabar berdi.

Taklif hujjatlarni rasmiylashtirishdagi kechikishlarni kamaytirish va mamlakatga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida ilgari surilgan. Tashabbus xalqaro aviakompaniyalar duch kelayotgan logistika muammolari kuchaygani fonida muhokama qilinmoqda.

Xususan, Emirates aviakompaniyasi Tailand turizm idorasiga (TAT) rasmiy shikoyat yo‘llagan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Meksikadan kelayotgan yo‘lovchilar Tailand vizasini o‘z vaqtida ololmagani sababli har bir reysda 20–30 nafargacha yo‘lovchi safarga chiqa olmay qolgan.

Tailand turizm va sport vaziri Surasak Phancharoenvorakul vazirlik viza rasmiylashtirishdagi kechikishlardan xabardor ekanini tasdiqladi.

Vazirlik vakili Surapongning bildirishicha, 9-noyabr kuni Viza siyosati qo‘mitasi yig‘ilishiga Lotin Amerikasidagi istiqbolli bozorlar va boshqa maqsadli mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston, Kolumbiya va Meksika fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz kirishni tasdiqlash taklifi kiritilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasini qanday oladi?

Hozirda Tailandga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining elektron viza arizalari amalda o‘rtacha 15 kunda tasdiqlanmoqda. Arizalarni ko‘rib chiqish muddati 10 kundan oshmasligi belgilangan bo‘lsa-da, viza tasdiqlangani haqidagi xabarnoma yig‘im to‘langanidan keyin o‘rtacha 15 kun ichida elektron pochta orqali yuborilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasini rasmiy elektron viza portali orqali rasmiylashtirishi mumkin. Buning uchun shaxsiy akkaunt yaratish, elektron anketani to‘ldirish va zarur hujjatlarni yuklash talab etiladi.

Berilgan ma’lumotga ko‘ra, viza yig‘imi $40 ni tashkil etadi. Uni Tailandning Moskvadagi elchixonasida naqd pul shaklida yoki uchinchi shaxslar, jumladan, turagentlar orqali to‘lash mumkin. Arizani ko‘rib chiqish jarayoni to‘lov amalga oshirilganidan keyin boshlanadi.

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida Tailand O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p tashrif buyurgan 10 ta davlat qatoriga kirgan. Ushbu davrda mamlakatga 16 291 nafar o‘zbekistonlik borgan. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Qirg‘iziston, keyingi o‘rinlarni Tojikiston va Qozog‘iston egallagan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘simlik yog‘larini majburiy markirovkalash 2027-yil 1-iyuldan boshlanadi — Soliq qo‘mitasi
/
O‘simlik yog‘larini majburiy markirovkalash 2027-yil 1-iyuldan boshlanadi — Soliq qo‘mitasi
Markaziy bank yil oxirigacha islomiy moliya standartlarini joriy etishni rejalashtirmoqda
/
Markaziy bank yil oxirigacha islomiy moliya standartlarini joriy etishni rejalashtirmoqda
Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 12,3 mln so‘mga yetdi
/
Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 12,3 mln so‘mga yetdi