Suv omborlari atrofida turizmni rivojlantiruvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

Shuningdek, 2029-yil 1-oktabrgacha yer va mol-mulk solig‘i stavkalari 50% ga kamaytiriladi

Suv omborlari atrofida turizmni rivojlantiruvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

O‘zbekistonda suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi. Bu prezidentning 2026-yil 27-oktabrdagi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali.

Hujjatga ko‘ra, suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga 2029-yil 1-oktabrga qadar bir qator imtiyozlar beriladi.

Tadbirkorlarga qanday imtiyozlar beriladi?

Qarorga muvofiq, yuridik shaxslar uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida qo‘llanadi.

Shuningdek, suvda foydalanishga mo‘ljallangan GPS qurilmalari, qutqaruv va xavfsizlik anjomlari hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini O‘zbekistonga olib kirishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Turizm obyektlariga qanday talablar qo‘yiladi?

Imtiyozlar bilan bir qatorda, suv omborlari va ularga tutash hududlarda tashkil etilgan turizm obyektlarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun xavfsizlik va ekologik talablar ham belgilangan.

Jumladan, tadbirkorlar:

  • tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun turizm obyektlarini xavfsizlik vositalari bilan jihozlashi;
  • favqulodda vaziyatlarda zudlik bilan qutqaruv ishlarini amalga oshirish uchun qutqaruv xizmatini tashkil etishi yoki professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma asosida navbatchilik xizmatini yo‘lga qo‘yishi;
  • kichik hajmli kemalar va ular turadigan inshootlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etishi kerak.

Shuningdek, suvni muhofaza qilish zonalari va sohilbo‘yi mintaqalari uchun belgilangan talablarga amal qilish, oqova suvlarni suv obyektlariga tashlamaslik shart. Buning uchun turizm obyektlari ichki kanalizatsiya tarmoqlari va lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan ta’minlanishi lozim.

Obyektlarda hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilarni belgilangan tartibda utilizatsiya qilish ham tadbirkorlarning majburiyatlari qatoriga kiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

IMAN Holding $20 mln zarar haqidagi ma’lumotni rad etdi
/
IMAN Holding $20 mln zarar haqidagi ma’lumotni rad etdi
O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi loyihalarga 2 mlrd so‘m ajratiladi
/
O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi loyihalarga 2 mlrd so‘m ajratiladi
Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni joriy etishi mumkin
/
Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni joriy etishi mumkin