IFCB “Iman Invest” bilan hamkorlikni to‘xtatdi, kompaniya rahbari esa ayblovlarni rad etmoqda

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, kompaniyada investorlar mablag‘lari bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlangan

IFCB “Iman Invest” bilan hamkorlikni to‘xtatdi, kompaniya rahbari esa ayblovlarni rad etmoqda

Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) “Iman Invest” kompaniyasi bilan har qanday hamkorlik zudlik bilan va tamoman to‘xtatilganini e’lon qildi.

Kengash a’zolari, islom moliyasi bo‘yicha xalqaro auditor Mahmud Usmon va xalqaro toifadagi huquqshunos Husayn Rajabov tomonidan e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, shu kunga qadar ushbu kompaniya faoliyatiga yakuniy xulosa berilmagan, balki shar’iy audit jarayonlari davom etib kelgan.

2026-yilning iyul oyida kengash qo‘liga kompaniyadagi ko‘plab shubhali tranzaksiyalarni aks ettiruvchi hujjatlar kelib tushgach, xalqaro toifadagi moliyachi, huquqshunos va shar’iy auditorlardan iborat taftish komissiyasi tuzilib, uch yarim oy davomida tekshiruv o‘tkazilgan.

IFCB xulosasiga ko‘ra, 15-oktyabr kuni yakunlangan moliyaviy tekshiruvlar natijasida kompaniya rahbariyati investorlar mablag‘larini islom moliyasi mezonlariga, ichki hujjatlarga va O‘zbekiston qonunchiligiga zid ravishda tasarruf etgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, kompaniya mudoraba shaklida faoliyat yuritishiga qaramasdan, investorning kapitali yoki uning bir qismi qaytmaydigan holga tushib qolgan paytda foyda tarqatilgan, investorlar pullari shaxsiy manfaatlar, jumladan, qimmatbaho avtomobil va xonadonlar sotib olish hamda ma’muriy xarajatlar uchun ishlatilgan. Natijada kompaniyada bir necha million dollarlik kamomad yuzaga kelib, investorlar pullarini qaytarish so‘ralgan taqdirda ham kompaniya buni qoplashga qodir bo‘lmaydigan holatga kelib qolgani aytilmoqda. Shu sababli kengash aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilmaguncha va zarar qoplanmaguncha ushbu kompaniyaga mablag‘ kiritishni shariat nuqtai nazaridan tavsiya etmasligini bildirdi.

Islamic finance consulting board — islom moliyasi sohasida tadbirkorlik subyektlari, bank va boshqa moliyaviy tashkilotlarga xizmat ko‘rsatadi. Jamoa islom moliyasiga mos keladigan konsalting, audit, shartnomalar ishlab chiqish, o’quv dasturlari va huquqiy maslahatlar bo’yicha xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu bayonot ortidan “Iman” kompaniyasi rasmiy munosabat bildirib, ko‘tarilgan masalalarga jiddiy qaralayotganini va investorlarni xavotirga tushmaslikka chaqirdi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bildirilgan fikrlarni xolis baholash maqsadida Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning o‘g‘illariga tegishli Usmani’s auditorlik kompaniyasi bilan mustaqil shar’iy audit o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan va tekshiruvlar boshlangan. Shuningdek, jarayonlar xolisligini ta’minlash uchun tan olingan olimlardan iborat yangi ichki Islom moliyasi kengashi shakllantirilayotgani, u ish boshlaguniga qadar yangi mahsulotlarni ishga tushirish va amaldagilariga o‘zgartirish kiritish vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum qilindi.

Har bir keyingi qadamni faqat yangi kengash ma’qullaganidan keyin qo‘yamiz. IFCB jamoasiga hurmat bilan qaraymiz va ochiq muloqotga tayyormiz, deyiladi bayonotda.

Ko‘p o‘tmay, “Iman” kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatov ham videomurojaat yo’llab, Mahmud Usmon tomonidan ilgari surilgan da’volarni qat’iyan rad etdi. Uning ta’kidlashicha, ikki yarim yillik hamkorlik davomida Mahmud Usmonga 100 ming dollardan ortiq xizmat haqi to‘langan bo‘lib, kelishmovchiliklar aynan ushbu to‘lovlarni kamaytirish masalasi va kompaniya aksiyalaridan ulush so‘ralib, rad javobi berilganidan so‘ng kelib chiqqan. Kompaniya rahbari ikki yil oldin o‘tkazilgan audit xulosalari halol deb topilganini eslatib, yangi o‘tkazilayotgan xalqaro audit natijalari jamoatchilikka ochiq e’lon qilinishini, investorlar oldidagi barcha majburiyatlar o‘z kuchida qolishini hamda ushbu nizoli holat qonuniy va huquqiy tartibda hal etilishini bildirdi.

Sizdan har qanday tekshirilmagan va isboti yo’q ma’lumotlarga ishonmasligingizni iltimos qilaman va bu tushunmovchilikni albatta qonun orqali hal qilamiz, dedi Rustam Rahmatov “Iman” kompaniyasi asoschisi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ilk islomiy bank litsenziyasi “Open bank”ga berildi
/
O‘zbekistonda ilk islomiy bank litsenziyasi “Open bank”ga berildi
Yil oxirigacha AES birinchi energobloki reaktor binosi poydevorini betonlash yakunlanadi
/
Yil oxirigacha AES birinchi energobloki reaktor binosi poydevorini betonlash yakunlanadi
2027-yildan davlat mablag‘lari hisobidan qurilish xarajatlarini hisoblash tartibi o‘zgaradi
/
2027-yildan davlat mablag‘lari hisobidan qurilish xarajatlarini hisoblash tartibi o‘zgaradi