O‘zbekistonda ilk islomiy bank litsenziyasi “Open bank”ga berildi
Tegishli qaror 23-oktabrda qabul qilingan
Markaziy bank “Open bank” aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistondagi ilk litsenziyani berdi. Tegishli qaror 2026-yil 23-oktabrda qabul qilingan.
Markaziy bank boshqaruvining 28/1-sonli qaroriga muvofiq, bankka islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi 1-I-sonli litsenziya berildi. U “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 5¹-moddasida nazarda tutilgan islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirishni qamrab oladi.
Regulyator bank xizmatlaridan foydalanishdan oldin moliya tashkilotining tegishli litsenziyasi borligini Markaziy bankning rasmiy veb-sayti orqali tekshirishni tavsiya qildi.
“Open bank” haqida
“Open bank” 2022-yil 24-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Org.info ma’lumotlariga ko‘ra, bankning ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bank rahbari — Azamat To‘rayev, uning yagona ta’sischisi esa “Future Open Technology Group” AJ hisoblanadi.
2025-yil sentabr oyida “Smartbank” nomi “Open bank”ga o‘zgartirilgan. O‘sha paytda bank aksiyalarining 85,1 foizi “Future Open Technology Group”ga, 10 foizi Komilxo‘ja Sultonovga va 4,9 foizi Zafar Adilovga tegishli bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ