2027-yildan davlat mablag‘lari hisobidan qurilish xarajatlarini hisoblash tartibi o‘zgaradi
Xususan, pudratchilarning ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar summasining 2,5% i miqdorida belgilanadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Hukumat qarori bilan qurilish obyektlarining shartnomaviy joriy narxlarini hisoblashda pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlarini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar berdi.
Yangi tartib 2027-yildan boshlab budjet mablag‘lari, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlariga tatbiq etiladi. Ushbu obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va boshlang‘ich qiymatni aniqlashda yangi talablar qo‘llanadi.
Pudratchilarning xarajatlari qanday hisoblanadi?
Nizomga ko‘ra, qurilish sohasidagi ishchi-xodimlar mehnatiga haq to‘lash miqdori bir kishi-soat uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5% i etib belgilanadi. Bunda ijtimoiy soliq to‘lovlari ham hisobga olinadi.
Pudrat tashkilotlarining ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar summasining 2,5% i miqdorida belgilanadi. Tog‘li, cho‘l va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi obyektlar uchun bu ko‘rsatkich 5% ni tashkil etadi.
Pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari smeta qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning 20% i, zarur foyda esa 7% i miqdorida belgilanadi.
Agar pudrat tashkiloti tashkil etilganiga bir kalendar yildan oshmagan bo‘lsa va uning balans, moliyaviy hamda boshqa hisobot ko‘rsatkichlari taqdim etilmagan bo‘lsa, boshqa xarajatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning 10% i, zarur foyda esa 7% i miqdorida qabul qilinadi.
Ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘lar haqiqatda bajarilgan ishlarning hajmi va qiymatidan kelib chiqib moliyalashtiriladi.
Xarajatlarni hisoblash elektron shaklda amalga oshiriladi
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlarini hisoblash, tekshirish va tasdiqlash jarayonlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Tender va tanlovlar asosida tuziladigan shartnomalarda shartnoma amal qiladigan davr mobaynida pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdorini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgan holatlar bundan mustasno.
Shuningdek, pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdori haqidagi ma’lumotlar tashkilotlar kesimida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida e’lon qilib boriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ