O‘zbekistonda 9 oyda soliq auditlari 14,6 trln so‘mlik qoidabuzarliklarni aniqladi
Tekshiruvlarda ma'lum bo'lishicha, 1 940 ta korxonada 23,8 trln so‘mlik soliq bazasi yashirilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda soliqlarni to‘lamaslik xavfi yuqori deb topilgan 3 731 ta tadbirkorlik subyektida soliq auditi o‘tkazildi. Bu davrda faoliyat yuritgan 623,3 mingta soliq to‘lovchining 0,6 foizini tashkil etadi.
Fiskal tahlillari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, tekshiruvlarda aniqlangan soliq xavfi summasi 19,9 trln so‘mni, audit natijasida aniqlangan summa esa 14,6 trln so‘mni tashkil etdi.
Aniqlangan summaning yarmidan ko‘pi savdo sohasiga to‘g‘ri keldi
Soliq auditlarida aniqlangan 14,6 trln so‘mning eng katta qismi savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga to‘g‘ri keldi — 7,7 trln so‘m yoki jami summaning 52,6 foizi.
Boshqa sohalar bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- qurilish — 2,2 trln so‘m (15,3%);
- ishlab chiqarish — 1,4 trln so‘m (9,4%);
- xizmat ko‘rsatish — 706,2 mlrd so‘m (4,8%);
- qishloq xo‘jaligi — 478,9 mlrd so‘m (3,3%);
- transport — 367,8 mlrd so‘m (2,5%);
- boshqa sohalar — 1,8 trln so‘m (12,1%).
23,8 trln so‘mlik soliq bazasi yashirilgan
O‘tkazilgan auditlar davomida 1 940 ta soliq to‘lovchida jami 23,8 trln so‘mlik soliq bazasi yashirilgani aniqlangan.
Jumladan, 767 ta korxonada 6,6 trln so‘mlik realizatsiya qilingan tovarlar qiymati hisobotlarda ko‘rsatilmagan. Yana 663 ta subyektda inventarizatsiya vaqtida 8 trln so‘mlik tovarlar omborlarda yoki realizatsiya joylarida mavjud bo‘lmagan.
Shuningdek, 510 ta korxonada 9,2 trln so‘mlik kirim qilinmagan tovarlar saqlangani va/yoki sotilgani aniqlangan.
Hozirga qadar aniqlangan soliq summalari bo‘yicha to‘lash muddati kelgan 6,8 trln so‘mning 1,7 trln so‘mi undirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ