O‘zbekistonda banklar va aeroportlarda elektron hujjatlardan foydalanishga ruxsat berildi
Fuqarolar belgilangan xizmatlardan foydalanishda hujjatlarning my.gov.uz va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi elektron shaklini taqdim etishi mumkin
O‘zbekiston Adliya vazirligi 33 ta idoraviy hujjatga elektron hujjatlarni qog‘oz shaklidagi hujjatlar o‘rniga qabul qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.
Yangi tartib fuqarolarga my.gov.uz va “Ijtimoiy karta” ilovalarida mavjud raqamli hujjatlarni taqdim etish, tashkilotlarga esa tegishli xizmatlarni ko‘rsatishda ularni qabul qilish imkonini beradi.
Ushbu hujjatlar qatoriga biometrik pasport, ID-karta, tug‘ilganlik va nikoh to‘g‘risidagi guvohnomalar, pensiya guvohnomasi, nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, urush qatnashchisi guvohnomasi hamda talabalik guvohnomasi kiradi.
Elektron hujjatlar qayerlarda qo‘llaniladi?
Raqamli hujjatlardan quyidagi holatlarda foydalanish mumkin:
- Banklarda — bank xizmatlarini olish va ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda shaxsni tasdiqlash uchun;
- Notarial idoralarda — notarial harakatlarni bajarishda;
- Aeroportlarda — ichki aviareyslarga ro‘yxatdan o‘tishda;
- Kompensatsiya olishda — urush qatnashchilariga to‘lovlarni rasmiylashtirishda;
- Telekommunikatsiya xizmatlarida — abonent bilan shartnoma tuzishda;
- Qon topshirishda — donorning shaxsini tasdiqlashda;
- Lombardlarda — shartnomalar tuzishda;
- Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda — pulli xizmatlarni olishda;
- Harbiy hisobga qo‘yishda, shuningdek, boshqa ayrim xizmatlardan foydalanishda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ