Qashqadaryoda A-380 avtomobil yo‘lining 100 km qismini ta’mirlashga $350 mln sarflanadi

Viloyatda ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun qo‘shimcha $360 mln jalb etilishi mumkin

Qashqadaryoda A-380 avtomobil yo‘lining 100 km qismini ta’mirlashga $350 mln sarflanadi

Qashqadaryo viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda 22-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari viloyatdagi dolzarb masalalardan biri aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.

Joriy yilda ajratilgan 1 trln so‘m hisobidan 747 km suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda 43 ta inshoot qurilishini ikki oy ichida yakunlash topshirildi. Natijada 200 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

Ichimlik suvi loyihalariga $360 mln jalb etiladi

Hisorak suv omboridan Qarshi shahri, Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlariga suv tarmog‘i tortish loyihasini boshlash uchun 100 mlrd so‘m ajratildi. Loyihani sifatli amalga oshirish uchun qo‘shimcha $210 mln jalb etish vazifasi qo‘yildi. Natijada yana 350 ming aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanlaridagi 700 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Tolimarjon — Muborak suv tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanadi.

Uning texnik-iqtisodiy asoslarini 1-aprelgacha yakunlash va loyihaga $150 mln jalb etish rejalashtirilgan.

A-380 avtomobil yo‘lining 100 km qismi rekonstruksiya qilinadi

Yig‘ilishda viloyat yo‘l infratuzilmasini yaxshilash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyatidan o‘tuvchi 100 km qismini rekonstruksiya qilish boshlanadi. Loyihaning qiymati $350 mlnni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Qarshi shahrining aylanma yo‘li 5,5 kmga uzaytirilib, A-380 avtomobil yo‘liga ulanadi. Mas’ullarga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini shu yil yakunlash va yanvar oyidan qurilish ishlarini boshlash topshirildi.

Yig‘ilishda “Qarshi — Pomuq” va “G‘uzor — Beynau” avtomobil yo‘llaridagi temiryo‘l kesishmalarida poyezdlar harakati vaqtida katta tirbandliklar yuzaga kelayotgani ham qayd etildi. Muammoni bartaraf etish uchun ushbu joylarda umumiy qiymati 250 mlrd so‘m bo‘lgan ikkita zamonaviy yo‘l o‘tkazgich quriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda banklar va aeroportlarda elektron hujjatlardan foydalanishga ruxsat berildi
/
O‘zbekistonda banklar va aeroportlarda elektron hujjatlardan foydalanishga ruxsat berildi
O‘zbekiston pasporti Henley reytingida 82-o‘rinni egalladi
/
O‘zbekiston pasporti Henley reytingida 82-o‘rinni egalladi
Toshkent — Andijon yo‘nalishida ikkinchi tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
/
Toshkent — Andijon yo‘nalishida ikkinchi tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi