Toshkent viloyatida $200 mlnlik sanoat texnoparki tashkil etiladi
Texnoparkning birinchi loyihasi $20 mln dan ortiq mablag‘ evaziga metall konstruksiyalar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi bo‘ladi
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida Boshqirdiston bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Bekobod” sanoat texnoparki hududida metall konstruksiyalar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Sanoat texnoparki 100 gektar maydonni egallaydi. 2026–2028-yillarda bu yerda umumiy qiymati $200 mln bo‘lgan 25 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida qariyb 2 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Birinchi loyiha — metall konstruksiyalar zavodi
Texnoparkdagi ilk loyiha “Orstostan Ru” kompaniyasining metall konstruksiyalar ishlab chiqarish zavodi bo‘ladi. Korxona qurilishiga $20 mln dan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Zavod 8 gektar maydonda joylashadi va yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Korxonada 100 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Texnoparkning asosiy faoliyat yo‘nalishlari metallurgiya va kimyo sanoati uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, shuningdek, zamonaviy burg‘ilash uskunalari va mexanizmlarini ishlab chiqarishdan iborat bo‘ladi.
Hududlar o‘rtasidagi sanoat hamkorligi kengaytiriladi
Zavod qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov ishtirok etdi.
Mirzayevning ta’kidlashicha, texnoparkning tashkil etilishi hududlar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Toshkent viloyati va Boshqirdiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $197 mln ga yetgan. Texnoparkni tashkil etish orqali investitsiyalarni jalb qilish, hududning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ