Qashqadaryoda $50 mlnlik turizm loyihalari amalga oshiriladi
Viloyatda sayyohlar oqimini yiliga 6 mln nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda
Qashqadaryo viloyatida umumiy qiymati $50 mln bo‘lgan turizm loyihalarini amalga oshirish va yillik sayyohlar oqimini 6 mln nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
2026-yil boshidan buyon viloyatga 2,5 mln sayyoh tashrif buyurgan. Ularning 500 ming nafari G‘elon qishlog‘ida bo‘lgan. Viloyat rasmiylari hududda turizmni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidlamoqda.
G‘elonda tog‘-chang‘i kurorti quriladi
Turizmni rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri G‘elon qishlog‘ida tog‘-chang‘i kurortini qurish bo‘ladi. Uning birinchi bosqichini 2027-yilda Tatariston bilan hamkorlikda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay, Kitob tumanidagi Bashir va Yakkabog‘ tumanidagi Tatar qishloqlarini etnoturizm markazlariga aylantirish ko‘zda tutilgan. Bu hududlarning tabiiy sharoiti G‘elonga o‘xshash.
Shahrisabz tumanidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida esa tog‘ daryolari imkoniyatlaridan foydalanib, rafting va sport turizmini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Mas’ullarga olti qishloqni rivojlantirish bo‘yicha bosh rejalarni bir oy ichida tayyorlash topshirilgan. Umumiy qiymati $50 mln bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni 2027-yil 1-martdan boshlash rejalashtirilmoqda.
Gastronomik festivallar o‘tkaziladi
Viloyatda har yili gastronomik festivallar tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan. Bahorda G‘uzor tumanida “Lolalar va shashlik” festivali, Ko‘kdala tumanida esa “Chiyal yaxna” festivali o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ