Yil oxirigacha AES birinchi energobloki reaktor binosi poydevorini betonlash yakunlanadi
Buning uchun qariyb 10 ming kub metr beton yotqizilishi ko‘zda tutilgan
23-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonda ilk atom elektr stansiyasini qurish loyihasi va unga bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining joriy holati, loyiha bosqichlarini amalga oshirish va keyingi ishlar yuzasidan axborot berildi. Tomonlar stansiya poydevorini qurish va loyihalash ishlari davom etayotganini qayd etdi.
“Rosatom” rahbari 22-oktabr kuni Jizzax viloyatidagi qurilish maydoniga borib, ishlar bilan tanishgan. 2026-yil oxirigacha birinchi energoblok reaktor binosining poydevor plitasini betonlashni yakunlash rejalashtirilgan. Buning uchun qariyb 10 ming kub metr beton yotqizilishi ko‘zda tutilgan.
AES yaqinida atomchilar shaharchasi quriladi
Uchrashuvda bo‘lajak atom elektr stansiyasi yaqinida atomchilar shaharchasini barpo etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shaharcha 30 mingdan ortiq mutaxassis va ularning oila a’zolari yashashi uchun mo‘ljallangan.
Loyiha doirasida energiya tejamkor uy-joylar, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport inshootlari hamda boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish rejalashtirilgan. Shaharcha qurilishi allaqachon boshlangan.
Shuningdek, AES qurilish maydonidan 25 km uzoqlikda sanoat klasterini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbuslar Jizzax viloyatida iqtisodiy va sanoat rivojlanishiga qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.
Atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi
Tomonlar atom energetikasi sohasi uchun malakali milliy kadrlarni tayyorlash masalasini ham ko‘rib chiqdi. Jumladan, Toshkentdagi Milliy tadqiqot yadro universiteti “MIFI” filiali va “Rosatom” obyektlari negizida mutaxassislar tayyorlashga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, yadro tibbiyoti va additiv texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Aleksey Lixachyov O‘zbekiston rahbariyatiga atom energetikasini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan. “Rosatom” korporatsiyasi mamlakatdagi strategik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga tayyorligini tasdiqlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ