O‘zbekistonda ayrim turdagi poyabzal va transformatorlarni majburiy markirovkalash taklif etilmoqda
2027-yildan ushbu mahsulotlarni raqamli markirovkalash tajriba tariqasida boshlanadi, 2028-yildan esa majburiy tartibda joriy etilishi mumkin
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda ayrim turdagi poyabzal mahsulotlari va transformatorlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Soliq qo‘mitasi tegishli hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyiha prezidentning charm-poyabzal va elektrotexnika sanoatlarini rivojlantirishga oid ikkita qarori asosida ishlab chiqilgan.
Xususan, 2026-yil 2-iyuldagi PQ-250-sonli qarorda 2028-yil 1-yanvardan ichki bozorda sotiladigan poyabzal mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish belgilangan.
2026-yil 12-sentabrdagi PQ-325-sonli qarorga ko‘ra, ushbu talab 2027-yil 1-yanvardan transformatorlarga nisbatan ham tatbiq etilishi kerak.
Yangi loyiha bilan ichki bozorda sotiladigan ayrim turdagi poyabzal va transformatorlarni identifikatsiya vositalari orqali markirovkalash quyidagi muddatlarda amalga oshirilishi taklif etilmoqda:
- 2027-yil 1-yanvardan — tajriba tariqasida;
- 2028-yil 1-yanvardan — majburiy tartibda.
Shuningdek, 2028-yil 1-yanvargacha ishlab chiqarilgan yoki import qilingan, raqamli markirovkaga ega bo‘lmagan mahsulot qoldiqlarini sotish uchun o‘tish muddatlari belgilanmoqda. Unga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar bunday mahsulotlarni 2028-yil 1-aprelgacha, ulgurji savdo subyektlari 1-iyulgacha, chakana savdo subyektlari esa 1-oktabrgacha realizatsiya qilishi mumkin.
Qanday poyabzallar markirovkalanadi?
Loyihada majburiy markirovkalash talabini TIF TNning quyidagi kodlariga mansub poyabzal mahsulotlariga tatbiq etish nazarda tutilgan:
- 6401 — ustki qismi va tagligi rezina yoki plastmassadan tayyorlangan, suv o‘tkazmaydigan poyabzallar;
- 6402 — tag va ustki qismi rezina yoki plastmassadan tayyorlangan boshqa turdagi poyabzallar;
- 6403 — tagligi rezina, plastmassa, charm yoki kompozitsion charmdan, ustki qismi esa tabiiy charmdan tayyorlangan poyabzallar. Chang‘i va snoubord uchun mo‘ljallangan ayrim maxsus botinkalar bundan mustasno;
- 6404 — tagligi rezina, plastmassa, charm yoki kompozitsion charmdan, ustki qismi to‘qimachilik materialidan tayyorlangan poyabzallar;
- 6405 — boshqa turdagi poyabzallar.
Ma’lumot uchun, ushbu besh turdagi poyabzallar importiga 20 foiz miqdorida, biroq har bir jufti uchun kamida 3 AQSh dollaridan bojxona boji belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ